Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida mutaxassislar O‘zbekistondan keltirilgan pomidor partiyasida xavfli virusni aniqladi. Bu haqda Kommersant nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, zararlangan mahsulotlarning umumiy hajmi taxminan 20 tonnani tashkil etdi.
Ularda ayniqsa xavfli patogen — pomidor mevalarining jigarrang ajinlari virusi (Tobamovirus viruslar guruhi) aniqlandi, deb xabar berdi Rosselxoznadzorning Nijniy Novgorod viloyati va Mariy El bo‘yicha boshqarmasi.
Boshqarmaning ta’kidlashicha, ushbu fitopatogen pomidor va qalampir hosilining 30−70% gacha jiddiy yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin.
Zararlangan partiyani Rossiya hududiga olib kirish taqiqlangan. Mahsulotlar belgilangan tartibda qaytarilishi yoki yo‘q qilinishi kerak.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday viruslar tez tarqaladi va qishloq xo‘jaligi uchun xavf tug‘diradi, shuning uchun import qilinadigan mahsulotlar nazorati kuchaytirilgan holda qolmoqda.
2025-yil oktabrida Yekaterinburgdagi Rosselxoznadzor O‘zbekistondan keltirilgan 4,8 tonna pomidor va qalampirni yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida xabar berilgandi.
Idoraning Ural mintaqalararo boshqarmasi ma’lum qilishicha, mahsulotlar virus bilan zararlangan.
1-oktabr kuni Yekaterinburgga avtomobil transportida Rossiya qishloq xo‘jaligi nazorati mutaxassislari karantin obyektini aniqlagan mahsulotlar yetkazildi: 3,4 tonna pomidor va 1,4 tonna achchiq qalampirda pomidorning jigarrang bujmayish virusi topildi.
2025-yil boshida Qozog‘istondan O‘zbekistonga olib kelinayotgan 1000 tonnaga yaqin kartoshka chegarada chirib ketgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston yuborilgan 43ta vagon sabzavot chegarada fitosanitar tekshiruvdan o‘tkazish uchun to‘xtatilgan. Ular 10 kundan ortiq vagonda qolib ketgani sababli muzlab, yaroqsiz holga kelgan.
Tadbirkorlarning aytishicha, Qozog‘istondagi Sariag‘ash temir yo‘l stansiyasidagi uzoq tekshiruvlar sababli ularning kartoshka hosili muzlab, chirib ketgan. Tadbirkorlardan biri to‘xtab qolish oqibatida 60 mln tenge yoki $116,1 ming miqdorida zarar ko‘rganini ma’lum qildi.