Sun’iy intellekt uni anglab yetishdan ko‘ra tezroq rivojlanmoqda, deya xabar bermoqda Techxplore nashri olimlarning xulosalariga tayanib.

Yangi tadqiqot mualliflari — Microsoft bosh ilmiy xodimi Erik Horvits va Shveysariyaning Lozanna Oliy texnika maktabi mutaxassisi Robert Vest sun’iy intellekt inson uchun tobora tushunarsiz bo‘lib borayotgan uchta asosiy sohani ajratib ko‘rsatmoqda.

Kundalik hayotga shiddat bilan kirib borayotgan sun’iy intellekt tizimlarining rivojlanishi ularning ishlashini tushunishdan o‘zib ketmoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellektning inson xatti-harakatlarini tushunish qobiliyati tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda.

Birinchisi, sun’iy intellekt boshqa neyron tarmoqlarni loyihalashtirishi va takomillashtirishi natijasida sun’iy intellekt yaratuvchi sun’iy intellektning paydo bo‘lishi. Bunday loyihalar tobora tez-tez amalga oshirilmoqda va bu jarayonning sikllari inson tushunchasidan oldinda bo‘lib, “intuitsiyaga qarshilik ko‘rsatadigan ko‘p o‘lchovli makonlarda” sodir bo‘ladi. Garchi shu tarzda yaratilgan tizimlarning unumdorligi juda tez yaxshilanishi mumkin bo‘lsa-da, odamlar buning nima uchun va qanday sodir bo‘lishini tushunishi qiyin.

Ikkinchi xavfli tendensiya sun’iy intellekt agentlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa bilan bog‘liq. Hozirda bunday agentlar ommaviy ravishda ko‘p agentli ekotizimlarni shakllantirmoqda, ularning ichki muloqoti inson tili va mantiqidan uzoqlashishi mumkin. Neyron tarmoqlarning o‘zaro aloqasi va kommunikatsiyasining yangi shakllari murakkablashgan sari, odamlar ularni talqin qilish qobiliyati tobora pasayib bormoqda.

Moslashuvchan sun’iy intellekt agentlari inson xatti-harakatlarini tushunishni tez o‘rganadi, bu esa neyrotarmoq bizni bizdan ko‘ra yaxshiroq tushunadigan xavfli bir tomonlama vaziyatni yaratadi va shu tariqa inson ongini xavfli manipulyatsiya qilish uchun maydon yaratadi.

“Inson bilan doimiy muloqot tufayli sun’iy intellekt nafaqat afzalliklarni, balki yashirin harakatlantiruvchi kuchlarni, masalan, qo‘rquv, noaniqlik va ijtimoiy mansublikka bo‘lgan ehtiyojni ham qayd etib, inson xulq-atvori va psixologiyasining tobora batafsil modellarini yaratishi mumkin”, — deb yozadi mualliflar.

Olimlar jiddiy qarshi choralar ko‘rilmasa, aql bovar qilmas darajada kuchli, ammo aslida odamlar tomonidan boshqarilmaydigan sun’iy intellekt tizimlari paydo bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Shundan so‘ng inson nazoratini tiklash imkonsiz bo‘lib qolishi mumkin. Tushunishning bunday nomutanosibligi odamlarning shaxsiy avtonomiyasiga, jamiyatda qarorlar qabul qilishga hamda jamoat institutlari va hokimiyatga bo‘lgan ishonchga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xavflardan biri shundaki, sun’iy intellekt tizimlari faoliyatining natijalari voqelik o‘rniga inson umidlarini tobora ko‘proq aks ettirishi, ya’ni odamlarga faqat ular eshitishni istagan narsalarnigina aytishi mumkin.

“Odamlarning sun’iy intellektni tushunish va boshqarishga bo‘lgan qiziqishi asta-sekin so‘nib borishi ehtimoli yanada xavfliroqdir”, — deya ogohlantiradi mualliflar. “Vaqt o‘tishi bilan qiziquvchanlik va shubha yo‘qolishi mumkin, bu esa beparvolik va itoatgo‘ylikka olib keladi”.


Avvalroq Spot Xitoy universitetlarida ayrim mutaxassisliklar sun’iy intellekt sabab bekor qilinayotgani haqida yozgandi.

Mutaxassisliklarning 30% ga yaqini qisqartirilib, o‘rniga texnologiya va sun’iy intellektga yo‘naltirilgan 10 mingta yangi yo‘nalish joriy etildi.