Xitoy universitetlari sun’iy intellektning jadal rivojlanishi va iqtisodiyotning texnologik o‘zgarishi fonida eskirgan deb topilgan minglab yo‘nalishlardan voz kechib, ta’lim dasturlarini keng ko‘lamli qayta qurishni boshladi.

Islohot oliy ta’limni milliy rivojlanish maqsadlari va mehnat bozori ehtiyojlariga yanada yaqinlashtirish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

South China Morning Post nashri Xitoy Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, 2021−2025-yillar oralig‘ida mamlakatdagi 12 200 ta bakalavriat dasturi bekor qilingan yoki to‘xtatilgan.

Shu bilan birga, 10 200 ga yaqin yangi yo‘nalish ochilgan. Shunday qilib, o‘zgarishlar barcha universitet dasturlarining 30% dan ortig‘ini qamrab olgan.

Nashrning qayd etishicha, eng katta qisqarish gumanitar fanlar, san’at, chet tillari va menejmentga to‘g‘ri keldi.

Mehnat bozori sun’iy intellekt va avtomatlashtirish ta’sirida tez o‘zgarayotgan bir paytda, bu sohalar tobora gavjum va kamroq talab qilinadigan sohalar sifatida ta’riflanmoqda.

Bitiruvchilar o‘rtasidagi yuqori raqobat qo‘shimcha omil bo‘ldi: Xitoyda yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 16% dan oshadi, bu esa ta’lim tizimiga bosimni kuchaytiradi.

Qisqartirilgan yo‘nalishlar o‘rniga oliy o‘quv yurtlari yangi texnologik mutaxassisliklarni faol joriy etmoqda.

Ular Pekin yuqori texnologiyalarni rivojlantirish strategiyasi doirasida ilgari surayotgan kelajakning ustuvor tarmoqlariga qaratilgan.

Xususan, to‘qqizta universitet allaqachon sun’iy intellektni haqiqiy ishlab chiqarish va muhandislik tizimlariga integratsiya qilish bilan bog‘liq “mujassamlashgan intellekt” dasturlarini ochgan.


Avvalroq Spot Gonkongda odamsimon robot boshqaruvidagi birinchi do‘kon ochilishi haqida yozgandi.

Robot bir nechta tilda so‘zlashadi, mahsulot tanlashga yordam beradi, 24/7 rejimida ishlaydi.