Gonkongda birinchi kecha-yu kunduz ishlaydigan do‘kon ochiladi, deya xabar bermoqda Investing Engineering xabar berdi.

Qayd etilishicha, unda peshtaxta ortida inson qiyofasidagi robot xizmat ko‘rsatadi.

Maydoni 9 kvadrat metrni tashkil etuvchi kapsula ko‘rinishidagi savdo shoxobchasi Xung Xom sohilida barpo etiladi.

“Syao Gay” (Xiao Gai) ismli robot bir necha tilda (kanton, ingliz, mandarin) suhbatni boshlay oladi, mahsulotlarni tavsiya qila oladi va xarid qilishga yordam beradi.

Moliya vaziri Pol Chan ushbu loyihani shaharning mujassamlangan sun’iy intellektni (Embodied AI) kundalik ijtimoiy hayotga tatbiq etish strategiyasining bir qismi sifatida taqdim etdi.

Do‘kon mujassamlangan sun’iy intellektga ixtisoslashgan Xitoy kompaniyasining ilk xorijiy loyihasi hamda Pekindagi “Galaktika kosmik kapsulasi” nomli tajriba do‘konining (u yerda robot har kuni 1000 ga yaqin xaridorga xizmat ko‘rsatadi) davomi bo‘ladi. Assortimentdan gazaklar, ijodiy mahsulotlar va retseptsiz sotiladigan dorilar o‘rin olgan.

Syao Gay — bu kameralar, yaqinlik datchiklari va nutqni aniqlash tizimi bilan jihozlangan jismoniy gumanoiddir.

Xaridor yaqinlashganda robot quyidagi vazifalarni bajaradi:

  • salomlashadi va suhbat boshlaydi;
  • aksiyalar va yangi mahsulotlar haqida so‘zlab beradi;
  • tovarni tanlashga yordam beradi va kassaga kuzatib qo‘yadi (kontaktsiz to‘lov);
  • tanaffuslarsiz, 24/7 rejimida ishlaydi.

Kompaniya Xitoyning 10 ta shahrida (jumladan, Shanxay, Shenchjen va Guanchjouda) robot-sotuvchilar bilan jihozlangan 100 ta kapsula joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Stokgolmda sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan kafe ochilgani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, eksperimental kafe inson tomonidan emas, balki sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi. San-Fransiskodagi Andon Labs startapi Google Gemini asosida ishlaydigan “Mona” nomli sun’iy intellekt agentini muassasaga rahbar etib tayinladi.

Oddiy baristalar avvalgidek qahva qaynatadi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi, ammo boshqa barcha qarorlar — yollashdan tortib xaridgacha — algoritm tomonidan qabul qilinadi.