Stokgolmda sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan kafe ochildi, deb yozadi Associated Press.
Qayd etilishicha, eksperimental kafe inson tomonidan emas, balki sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi. San-Fransiskodagi Andon Labs startapi Google Gemini asosida ishlaydigan “Mona” nomli sun’iy intellekt agentini muassasaga rahbar etib tayinladi.
Oddiy baristalar avvalgidek qahva qaynatadi va mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi, ammo boshqa barcha qarorlar — yollashdan tortib xaridgacha — algoritm tomonidan qabul qilinadi.


Nashrning yozishicha, kafe aprel oyi o‘rtalarida ochilgan va hozircha biznes foyda keltirmayapti. Daromad taxminan $5700 ni tashkil etdi va $21 minglik boshlang‘ich budjetdan $5000 dan kam mablag‘ qoldi.
Mablag‘larning katta qismi bir martalik xarajatlarga sarflandi: elektr energiyasi, internetni ulash, ruxsatnomalar olish va ijara haqi. Ta’sischilar vaziyat yaxshilanishiga umid qilishmoqda.
Ikki oy davomida Mona LinkedIn va Indeed’da bo‘sh ish o‘rinlarini mustaqil ravishda joylashtirdi, yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuzdi, Slack orqali barist bilan muloqot qildi.
Ammo sun’iy intellekt agenti zaxiralarni boshqarishda muammolarga duch keldi: 6000 ta salfetka, 3000 juft qo‘lqop, to‘rtta dori qutisi va hech qanday taomda ishlatilmaydigan o‘nlab pomidor bankalari buyurtma qilindi.
Non ba’zan ortiqcha sotib olinadi, ba’zan esa buyurtma novvoyxonalarning muddatlariga yetib bormaydi va barista menyudan sendvichlarni olib tashlashga majbur bo‘ladi.
Andon Labs’dan Xanna Peterssonning so‘zlariga ko‘ra, bu nosozliklar modelning “cheklangan kontekst oynasi” bilan bog‘liq — sun’iy intellekt allaqachon buyurtma berganini unutib qo‘yadi.
Nashr bilan suhbatlashgan ekspertlar, jumladan, Stokgolm Qirollik texnologiya instituti professori Emrax Karakaya tajribani “Pandora qutisi” deb atadi.
Avvalroq Spot Rossiyada kafe va restoranlar sun’iy intellekt kassirlaridan foydalanishni boshlashi haqida yozgandi.
Mahsulot, uning ozuqaviy qiymati va o‘zgartirishlari haqida ma’lumot beruvchi SI-kassir yil oxirigacha esa 350 dan ortiq muassasada ishga tushiriladi.

