Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt (SI) rivojlanish sur’atini sekinlashtirish kerakligi haqidagi chaqiriqlarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda NDTV xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, muammo SI texnologiyasining o‘zida emas, balki uning imkoniyatlari jamiyatning unga moslashishidan ancha tez rivojlanayotganidadir.

Geytsning o‘zi ham bunday pozitsiyani hayratlanarli deb hisoblaydi. Chunki u faoliyati davomida texnologik innovatsiyalarning eng katta tarafdorlaridan biri bo‘lib kelgan.

Biroq SI holatida texnologik taraqqiyot juda keng va keskin o‘zgarishlarga olib kelishi, jamiyat esa bunga hali tayyor emasligini aytmoqda.

Geytsning fikricha, sun’iy intellektni shaxsiy kompyuter yoki internet kabi avvalgi texnologiyalar bilan tenglashtirib bo‘lmaydi.

Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt juda tez rivojlanib, imkoniyatlarini tobora kengaytirmoqda, kutilmagan xatti-harakatlarni namoyon qilishi, kiberhujumlarni kuchaytirishi va mehnat bozorini keskin o‘zgartirishi mumkin.

Microsoft asoschisi hozircha eng yaqin xavflardan biri sifatida SI yordamida amalga oshiriladigan kiberhujumlarni ko‘rsatgan.

Uning fikricha, sun’iy intellekt hujum qiluvchi tomonning imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Shuning uchun himoya tizimlari ham xuddi shunday tezlikda rivojlanishi kerak.

Ya’ni, SI rivojlanishini shunchaki to‘xtatish emas, balki inson nazoratini saqlab qolish va himoyani oldindan kuchaytirish muhim.

Geytsning pozitsiyasiga ko‘ra, SIni to‘xtatish emas, uning rivojlanish tezligini jamiyatning unga tayyorlanish tezligiga moslashtirish kerak.

Uning xavotirlari asosan kiberxavfsizlik, SI ustidan nazorat va ish o‘rinlari bilan bog‘liq: sun’iy intellekt kiberhujumlarni kuchaytirishi, kutilmagan strategiyalarni qo‘llashi va mehnat bozorini tez o‘zgartirishi mumkin.

Shu bilan birga, Geyts SIni sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligida katta ijobiy imkoniyatlarga ega texnologiya deb hisoblaydi.


Avvalroq Spot Bill Geyts sun’iy intellekt va robotlarga soliq solishni taklif qilgani haqida yozgandi.

Uning fikricha, soliqdan tushgan mablag‘lar ishini yo‘qotganlarni qayta tayyorlash, ijtimoiy himoya va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilishi mumkin.