Markaziy bank inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi sekinlashgani va tashqi xabarlar hisobiga asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi. Bu haqda regulyator boshqaruvi raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
“Bugungi yig‘ilishda faqat bitta masala — asosiy stavkani saqlab qolish varianti ko‘rib chiqilgan. Ham umumiy inflyatsiya, ham bazaviy inflyatsiyaning pasayishi davom etmoqda — bu ijobiy holat. Shu bilan birga, pasayish tendensiyasi sekinlashgani, lekin ayrim mahsulotlar bo‘yicha pasayish yuzaga kelmaganligi, ayniqsa aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarida haligacha narx o‘sishi inflyatsiyadan yuqoriroq darajada shakllanayotganligi hisobiga biz hozirgi qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirish bo‘yicha qaror qabul qilganmiz”, — dedi regulyator raisi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, mart oyida inflyatsiya 7,1% gacha pasaygan, biroq uning sekinlashuvi va inflyatsion kutilmalar yuqoriligicha qolmoqda. Shu bilan birga, tashqi xatarlar — neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi hamda logistika xarajatlarining ko‘payishi bosimni saqlab turibdi.
Birinchi chorakda iqtisodiyot 8,7% ga o‘sgan, yil yakuni bo‘yicha o‘sish 7−7,5% darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Inflyatsiya esa 6,5% atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.
“Ijobiy tendensiyalar biroz sekinlashgani hamda tashqi xatarlarni inobatga olgan holda stavkani 14% darajasida saqlab qolishga qaror qilganmiz”, — deya xulosa qildi Timur Ishmetov.
Avvalroq Spot Markaziy bank raisi naqd pulsiz to‘lovlar borasida izoh bergani haqida yozgan edi.