Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ayrim hisob-kitoblarning naqd pulsiz shaklga o‘tkazilganiga izoh berdi. Bu haqda Spot muxbiri xabar bermoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank joriy yilning 1-aprelidan boshlab bir qator tovar va xizmatlar uchun naqdsiz to‘lovlar joriy etilishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini ko‘rmayapti. Regulyator tomonidan uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi, shuningdek, yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi tushumlarga oid ma’lumotlar muntazam taqdim etib borilmoqda.
“Hisob-kitoblarning 90% dan ortig‘i oldindan mavjud bo‘lgan bank kartalari orqali amalga oshirilmoqda. QR-kodlar orqali to‘lovlar ham eski kartalarga bog‘langan. Bunday foydalanuvchilar soni 92−93% ni tashkil etmoqda. Qolgan 4−5% esa yangi kartalarga o‘tgan odamlarga to‘g‘ri keladi. Hozirda AYQSHlarda kuniga 1 mlnga yaqin odam tranzaksiyalarni amalga oshirmoqda. Shundan 920 mingga yaqini naqdsiz hisob-kitoblar bo‘yicha umuman o‘zgarish sezmagan”, — dedi Markaziy bank rahbari.
Timur Ishmetov yoqilg‘i quyish shoxobchalarida to‘lovlar faqat bank kartalariga o‘tkazilishining shu vaqtga qadar salbiy ta’siri bo‘lmaganini ta’kidladi. “Tushunaman, bir qator muammolar bo‘lishi mumkin, lekin shu paytgacha uning salbiy ta’sirini ko‘rmadik”, — deya qayd etdi u.
Shuningdek, ayrim foydalanuvchilar uchun noqulayliklarning oldini olish maqsadida infratuzilmani takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilnig 1−22-aprel kunlari AYQSHlardagi jami tushumlar 2,49 trln so‘mdan ortiqni, kunlik o‘rtacha tushum esa 113,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Jami 20,9 mlnta tranzaksiya amalga oshirilgan bo‘lib, bu kuniga o‘rtacha 951 mingtani tashkil etadi. Tushumlarning 92,9%i amaldagi bank kartalari orqali (mavjud kartalar — 88,1%, QR kodlar — 4,8%), 4,9%i moment hamda 2,2%i yoqilg‘i kartalari orqali amalga oshirilgan.
Apreldan boshlab naqd pulga uy-joy va avtomobil, shu bilan birga, alkogol va tamaki mahsulotlarini ham sotib olish mumkin emas. Bu aksiz to‘lanadigan tovarlar aylanmasi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan, biroq amalda u restoran va barlar ishini sezilarli darajada o‘zgartirdi.
Spot restoran biznesi egalari va soha vakillari bilan naqd pulsiz to‘lov jarayoni hamda bu borada yuzaga kelayotgan muammolar haqida suhbatlashdi.
Avvalroq Spot Markaziy bank iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozni 7−7,5% gacha oshirgani haqida yozgan edi. Shu bilan birga, inflyatsion bosim yuqori darajada qolmoqda, jumladan import narxlari orqali ham bosim kuchaymoqda.