Markaziy bank boshqaruvi 29-apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14% darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy bank iqtisodiy faollikning tezlashishi, yuqori yalpi talab va tashqi noaniqliklar fonida inflyatsiyani 5% lik target darajasiga pasaytirish uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish lozim deb hisoblamoqda.
Mart oyida yillik inflyatsiya 7,1% gacha pasaydi, bazaviy inflyatsiya esa 5,7% ni tashkil etdi. Pasayish asosan o‘tgan yilgi yuqori baza ta’sirining kamayishi bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar pasayayotgan bo‘lsa-da, prognoz darajasidan yuqori bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi oylardagi inflyatsiyaning keng pasayishining sekinlashishi hamda joriy tendensiyalar iqtisodiyotda ma’lum bir inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026-yil yakunlari bo‘yicha umumiy inflyatsiya 6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda. Narxlar barqarorlashuvi sustlashib, bunga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi omillarning kuchayishi kuzatilmoqda.
Birinchi chorakda iqtisodiy faollik tezlashib, yalpi ichki mahsulot 8,7% ga o‘sdi. Xizmatlar, qurilish, savdo sohalaridagi faollik yalpi talabni shakllantirgan. Mamlakatga jalb etilayotgan investitsiyalar, jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining barqaror oshishi kelgusi choraklarda ham iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shundan kelib chiqib, 2026-yil uchun iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar 7−7,5% gacha oshirildi.
Tashqi iqtisodiy sharoitda geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayishi fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi bo‘yicha xatarlar kuchaymoqda. Bu logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Biroq eksport tushumlari, pul o‘tkazmalari va oltin narxining yuqoriligi valyuta bozorini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ijobiy foiz stavkalar aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlab, kreditlashni mo‘tadillashtirmoqda.
Markaziy bank inflyatsiya dinamikasi va tashqi xatarlarni kuzatishda davom etadi hamda inflyatsiyaning maqsadli darajasiga erishishning kechikish xatari yuzaga kelsa, pul-kredit sharoitlarini yanada qat’iylashtirishi mumkin.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda valyuta operatsiyalari qoidalari yangilangani haqida yozgan edi. Endi fuqaroligidan qat‘i nazar, jismoniy shaxslar bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga pul o‘tkaza oladi.