Boston Consulting Group (BCG) kompaniyasining “O‘zgarishlar uchun bunyod etilgan: Cities of Choice 4.0” tadqiqotiga ko‘ra, Toshkent o‘zgarishlar sur‘ati bo‘yicha dunyoning 80 ta shahri orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Reytingni tuzishda 200 dan ortiq ko‘rsatkich va 5 mlndan ziyod kuzatuv inobatga olingan. Bunda bahoning 80% ini obyektiv statistik ma‘lumotlar, 20% ini esa 24 ming nafar aholi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari tashkil etgan. Ma‘lumotlar 10 yillik davr mobaynida tahlil qilingan.
Shaharlar besh yo‘nalish — o‘zgarishlar sur‘ati, iqtisodiy imkoniyatlar, shahar muhiti sifati, ijtimoiy kapital va hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha baholandi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha dunyoning eng yaxshi 20 ta shahrining reytingi shakllantirildi.
Toshkent o‘zgarishlar sur‘ati bo‘yicha eng yuqori natijani ko‘rsatib, global reytingning kuchli uchligidan joy oldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Toshkent Doha, Guanchjou, Shanxay, Pekin, Jidda va Mumbayni ortda qoldirdi. So‘nggi o‘n yillikda iqtisodiy imkoniyatlar va davlat bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarida ham sezilarli yutuqlarga erishilgani qayd etilmoqda.

BCG katta hamkori va boshqaruvchi direktori, hisobot mualliflaridan biri Vladislav Butenkoning so‘zlariga ko‘ra, an‘anaviy reytinglar odatda shaharlarning joriy holatini baholaydi. Biroq aholi nafaqat erishilgan natijalarga, balki rivojlanish yo‘nalishiga ham e‘tibor qaratadi: agar odamlar o‘sishni sezmasa, kuchli boshlang‘ich holatdagi shahar aholi qo‘llab-quvvatlashidan ayrilishi mumkin, aksincha, boshlang‘ich holati pastroq shahar esa, agar o‘zgarishlar kundalik hayotda sezilarli bo‘lsa, ishonchni mustahkamlashga qodir.
“Shaharlar o‘rtasidagi raqobatning keyingi bosqichi nafaqat allaqachon qurilgan narsalar, balki aholi uchun hayot sifati qanchalik tez va sezilarli darajada yaxshilanayotgani bilan ham belgilanadi. Biz buni „o‘zgarishlar sur‘ati“ deb ataymiz — bu eng qimmatli aholini jalb qilish va saqlab qolish uchun kurashda shaharlar raqobatbardoshligining yangi omilidir”, — deya ta‘kidladi u.
Shu bilan birga, Toshkentning umumiy reytingi hozircha ayrim mintaqaviy qo‘shnilaridan ortda qolmoqda: shahar hali barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi o‘rinlarga chiqmadi, biroq o‘zgarishlarning yuqori sur‘atlari hisobiga oradagi farqni tezda qisqartirmoqda.
Bundan tashqari, tadqiqot mualliflari aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot va aholi sonini hisobga olgan holda 80 ta shaharni beshta ijtimoiy-iqtisodiy guruhga ajratdi. Toshkent Boku, Olmaota va Ostona bilan bir qatorda rivojlanayotgan o‘rta miqyosdagi shaharlar — Emerging Middleweights guruhiga kirdi. Tadqiqotda ushbu shaharlar umuman olganda o‘xshash natijalar ko‘rsatgani qayd etilgan.

Toshkent, shuningdek, xavfsizlik va umr davomiyligi bo‘yicha ham yaxshi natijalarni namoyon etmoqda. Kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha shahar London, Berlin, Boston, Los-Anjeles, Dubay, Singapur va Ostonadan o‘zib ketgan. Shu bilan birga, sog‘lom qarish, ya‘ni aholining umr ko‘rish davomiyligi oshgani sayin salomatlik va hayot sifatini saqlab qolish kelgusi rivojlanish yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Tadqiqotda Toshkentning ijtimoiy o‘ziga xosligi alohida ta‘kidlangan. Aholining ish va o‘qishdan tashqari do‘stlari bilan uchrashish chastotasi bo‘yicha shahar Xoshimin bilan birgalikda global reytingda birinchi o‘rinni egallab turibdi. Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi shaharlari orasida Toshkent bu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchidir. BCG buni yuqori darajadagi ijtimoiy muloqot, aholining optimizmi va shahar madaniyatida insoniy munosabatlarning ahamiyati bilan izohlaydi.
Tadqiqot, shuningdek, shahardagi o‘zgarishlar sur‘ati va aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlash darajasi — Advocacy o‘rtasidagi bog‘liqlikni ham ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkich odamlarning shaharda qolishga, uni boshqalarga tavsiya etishga va o‘z kelajagini u bilan bog‘lashga tayyorligini aks ettiradi. Toshkent uchun Advocacy ko‘rsatkichi 88 ballni tashkil etdi — bu Markaziy Osiyo shaharlari orasidagi eng yuqori natijadir.
BCG‘ning boshqaruvchi direktori va hamkori, kompaniyaning Toshkentdagi ofisi rahbari Andrey Novitskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlar sur‘ati shaharlarning asosiy raqobat ustunligiga aylanmoqda.
“Reyting Toshkentdagi o‘zgarishlar nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham haqiqatan tez sur‘atlar bilan kechayotganini tasdiqladi. Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, endigi asosiy vazifa — bu dinamikani shahar aholisining kundalik hayoti sifatini sezilarli darajada yaxshilashga aylantirishdir”, — dedi u.
Novitskiy bunday o‘zgarishlar sifatida ekologiya va shahar tozaligi, yo‘lga sarflanadigan vaqtni qisqartirish, qulay jamoat joylari va dam olish hududlarini yaratish, favqulodda vaziyatlarga chidamlilikni oshirish, shuningdek, imkoniyati cheklangan odamlar uchun shahar muhitining qulayligini sanab o‘tdi.
Spot, avvalroq, Fitch agentligi O‘zbekistonning kredit reytingi prognozini “ijobiy” darajaga ko‘targani haqida yozgandi.