2026-yilda O‘zbekistonda islom moliyasi bo‘yicha bir nechta standartlarni qabul qilish rejalashtirilgan. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisining o‘rinbosari Sanjar Nosirov 16-iyun kuni poytaxtda o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi panel sessiyasida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mamlakatda islomiy moliyani rivojlantirishning ikkinchi bosqichi 29-iyundan kuchga kiradigan islomiy bank faoliyatini joriy etish to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi bo‘ldi.

“Menimcha, bu O‘zbekiston moliya tizimi rivojlanishidagi tarixiy voqeadir. Qonun yangi islomiy bank litsenziyasini joriy etadi va dual bank tizimini yaratadi. Natijada ikkita model — to‘liq islomiy bank hamda an’anaviy bank tarkibidagi islomiy darcha mavjud bo‘ladi”, — dedi Nosirov.

banklar, islomiy bank, islomiy moliya, markaziy bank, sanjar nosirov, standart

Bundan tashqari, xalqaro standartlar asosida ikki pog‘onali shariat boshqaruvi tizimi joriy etildi. Undan birinchisi, Markaziy bank huzuridagi Islom moliyasi kengashi bo‘lib, u milliy darajada faoliyat yuritadi va islom moliyasi standartlarini ishlab chiqib, banklarning islom moliya faoliyatini muvofiqlashtiradi. Institutsional darajada esa, kengash har bir islomiy bank yoki islomiy darcha tarkibida bo‘ladi. U bu bankda shariat talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.

Regulyator raisi o‘rinbosari qonunning qabul qilinishi “muhim bosqichlar"dan biri bo‘lsa-da, ishlar endi boshlanayotganini ta’kidladi. Shuning uchun regulyator 2025-yilda islomiy moliyani joriy etish va rivojlantirish masalalari bo‘yicha maxsus Islomiy moliya loyihalari ofisini tashkil etdi.

Mazkur ofis vazifasi yagona platforma sifatida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, idoralararo muvofiqlashtirish va xalqaro hamkorlar bilan ishlash hisoblanadi. Hozirgacha ofis ishtirokida banklarni litsenziyalash reglamenti ishlab chiqildi. Endilikda Markaziy bankning Islom moliya kengashi to‘g‘risidagi reglament ustida ish olib borilmoqda. Hujjat deyarli tayyor holga keltirilgan bo‘lib, Markaziy bank kengashiga kiritilgach, tasdiqlanadi.

“Shunday qilib, Markaziy bank huzurida kengash tashkil etilgach, u milliy islom moliyasi standartlarini ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi. Kengash AAOIFI shariat standartlariga qattiq e’tibor qaratadi va biz uning yordami bilan joriy yilda yettitaga yaqin standartni qabul qilishni rejalashtirmoqdamiz”, — dedi Sanjar Nosirov.

banklar, islomiy bank, islomiy moliya, markaziy bank, sanjar nosirov, standart

Shuningdek, u regulyator uchun eng muhim masalalardan biri islom moliyasi bo‘yicha savodxonlikni oshirish va mutaxassislarni tayyorlash ekanligini qayd etdi. Shu maqsadda Markaziy bank maxsus dasturlar va “yo‘l xaritalari"ni tasdiqlagan.

Bundan tashqari, Markaziy bank shariat boshqaruvi va prudensial nazorat bo‘yicha yangi tartibga solish tizimini joriy etishni ko‘zda tutgan. Bu banklar uchun aniq qoidalar va yo‘riqnomalarni belgilab beradi. Nosirov ushbu me’yoriy hujjatni ishlab chiqish vaqti kelganini, u qabul qilingach esa, banklar o‘z faoliyatini yangi qoidalar asosida yuritishini aytdi.

Joriy yil boshida Sanjar Nosirov 2026−2027 yillarda islomiy moliya operatsiyalari bo‘yicha milliy standartlar ishlab chiqilishini ma’lum qilgan edi. 2025-yilda Markaziy bank Islom moliyasi ta’limi xalqaro markazi (INCEIF) bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi va AAOIFI’ga a’zo bo‘lish uchun so‘rov yuborgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda islomiy mikromoliya xizmatlari hajmi 22 mlrd so‘mga yetgani haqida yozgan edi.