Qonunchilik palatasi majlisida yaroqlilik muddati o‘tgan va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda tovarlarni realizatsiya qilish hamda sotishning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyiha bilan “Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi kodeks ning 178-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Yaroqlilik muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotganlik uchun jarimalar oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotlarni sotuvga qabul qilganlik uchun ham javobgarlik kuchaytiriladi.
Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratini e‘tiborga olib, undagi ayrim normalar bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi.
Shuningdek, loyihani yana-da takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.
O‘tgan yilning kuzida qabul qilingan prezident qarori bilan, muddati o‘tgan oziq-ovqat sotganlik uchun jarimaning yuqori chegarasi BHMning 30 baravarigacha, yaʼni 12,36 mln so‘mgacha oshirilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda aholini shovqindan himoya qilish bo‘yicha alohida qonun ma’qullangani haqida yozgandi.