Avvalroq prezidentning isteʼmolchilar huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. 2026-yil martidan “Asl belgisi” tizimi orqali markirovka qilingan tovarlarda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, Raqobat qo‘mitasi bunday mahsulotlarni sotganlik uchun jarimalarni uch baravar oshirish taklifini bergan va u maʼqullangan.

Hozirgi tartibga ko‘ra, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga asosan, fuqarolarga BHMning 3−10 baravari (1,23−4,2 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 7−10 baravari (2,88−4,2 mln so‘m) miqdorida jarima belgilangan. O‘zgarishlardan keyin esa jarimaning yuqori chegarasi BHMning 30 baravarigacha, yaʼni 12,36 mln so‘mgacha yetkaziladi.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi isteʼmolchilar shikoyatlarini qabul qilish uchun “Isteʼmolchi murojaati” axborot tizimini ishga tushiradi. Tizim orqali murojaatlarning barcha bosqichlari onlayn nazorat qilinadi.

Platforma Davlat soliq qo‘mitasining shaxsiy kabineti bilan integratsiya qilinadi — bu tadbirkorlarga shikoyatlar haqida tezkor maʼlumot olish imkonini beradi. Ilk bosqichda murojaatlar tadbirkorlar tomonidan 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Agar masala ijobiy hal etilmasa, isteʼmolchi murojaatni Raqobat qo‘mitasiga yoki isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoat tashkilotiga yuborishi mumkin.

Tadbirkor 10 kun ichida qonunbuzarlikni bartaraf etmasa, tashkilot vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qiladi.

Bundan tashqari, oziq-ovqat va texnik etil spirtidan maqsadli foydalanishni nazorat qilish vakolati Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasiga o‘tkaziladi. Ilgari bu vazifa Raqobat qo‘mitasi zimmasida bo‘lgan.

Avvalroq O‘zbekistonda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish taqiqlanishi haqida xabar berilgandi.