Oliy malaka toifasiga ega pedagoglarga ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyaga arizalar qabuli ochilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Arizalarni joriy yilning 20-aprel kuni soat 14:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlari, MyGov mobil ilovasi hamda my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Havola.
Talabgorda, shu jumladan, uning turmush o‘rtog‘ining nomida mamlakatning barcha hududlari miqyosida ikki va undan ortiq ko‘chmas mulki mavjud bo‘lmasligi kerak. Ular kamida 15 yil ish stajiga, oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lishlari lozim.
Shuningdek, kredit tarixi dasturda ishtirok etuvchi kamida bitta bankning ichki talablariga mos bo‘lishi talab etiladi. Dastur doirasida o‘qituvchilarga ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning 25% qismi budjetdan qoplab beriladi.
Ariza topshirish va baholash davrida OneID tizimida shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali banklarga baholash uchun ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, uni o‘rganish imkoniyati cheklanib, bu ariza rad etilishiga sabab bo‘ladi.
Fevral oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan 2026-yildan boshlab kamida 15 yil ish stajiga ega o‘qituvchilarga ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lovning 25%ini qoplab berish tartibi joriy etilishi belgilangan edi.
Avvalroq Spot xorijda ilmiy daraja olgan yoshlarga imtiyozli ipoteka krediti berilishi haqida yozgan edi.