Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qurilishi tugallanmagan ko‘p kvartirali uylarda fuqarolarning yashashiga noqonuniy ruxsat berishning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini uch o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda shaharsozlik sohasini takomillashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, foydalanishga rasman qabul qilinmagan ko‘p qavatli uylarda fuqarolarning yashashiga ruxsat berish holatlari uchramoqda. Bu esa fuqarolar xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi va sohadagi mas’uliyatni kuchaytirishni talab qilmoqda.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksiga ko‘p kvartirali uylar qurilishiga mas’ul shaxslar yoki mansabdor shaxslar tomonidan foydalanishga qabul qilinmagan uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘yganlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Shuningdek, Shaharsozlik kodeksiga buyurtmachi va pudratchilar zimmasiga foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p kvartirali uylarga fuqarolarning ko‘chib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish majburiyatini yuklovchi normalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan savollar va takliflar bildirdi. Yakunda hujjat deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Avvalroq Spot ko‘p qavatli uylarni ruxsatsiz qurganlar jazolanishi haqida yozgan edi. Senat ma’qullagan qonunga ko‘ra, Qurilish inspeksiyasi ruxsatisiz ko‘p qavatli uy qurganlar 185,4 mln so‘mgacha jarimaga tortiladi.