UzAuto Motors’ni xususiylashtirish ochiq va raqobat asosida amalga oshiriladi. Bunda ayrim kompaniyalarga, jumladan, Amerikaning General Motors kompaniyasiga aktivni sotib olish uchun imtiyoz yoki ustuvor huquq berilmaydi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, xususiylashtirishda milliy qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor ishtirok etishi mumkin. Aktivni xalqaro savdolar orqali, jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlagan holda sotish rejalashtirilmoqda.

“Qonunchilik talablariga javob beradigan har qanday investor ishtirok etishi mumkin — ayrim kompaniyalar uchun hech qanday imtiyoz yoki ustuvor huquq nazarda tutilmagan”, — deya ma’lum qildi agentlik Spot’ga.

UzAuto Motors’ni sotishga tayyorgarlik avval tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida allaqachon boshlangan. Davaktiv xalqaro konsultantlarni jalb qilgan, ular hozirda kompaniyada due diligence tekshiruvini o‘tkazib, sotuv uchun zarur hujjat va materiallarni yig‘ib, tayyorlamoqda.

Konsultantlarning tegishli xulosalari va takliflari olingach, agentlik aktivni sotish jarayoni boshlanganini rasman e’lon qiladi.

O‘tgan hafta DABA direktor o‘rinbosari Alisher Miraliyev xalqaro maslahatchi Alvarez & Marsal UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain’da due diligence tekshiruvini o‘tkazayotganini ma’lum qilgan. Gap UzAuto Motors’ning 99,7% i va UzAuto Motors Powertrain’ning 100 foiz ulushini sotish haqida bormoqda.

“Biz bu jarayonni tezlashtirishdan manfaatdormiz”, — dedi Davaktiv rahbari o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik xalqaro tender o‘tkazishni va yirik avtomobil sanoati kompaniyalarini jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, ikki korxonani bitta lot sifatida sotish imkoniyati ham hisobga olingan holda, xususiylashtirishning yakuniy strategiyasi konsultant takliflari asosida belgilanadi.

General Motors bilan hamkorlik

Avtostrada nashrining yozishicha, O‘zavtosanoat va General Motors o‘rtasidagi alyans kelishuvi 2017-yil oktabrida 10 yil muddatga imzolangan.

Kelishuv doirasida UzAuto Motors GM modellari ishlab chiqarish litsenziyasini, Chevrolet brendidan foydalanish huquqini, kompaniya texnologiyalaridan foydalanish va avtomobillarni MDH davlatlariga eksport qilish imkoniyatini olgan. Kelishuv muddati 2027-yilda tugaydi.

2025-yil noyabrida Vashingtonda Shavkat Mirziyoyev General Motors International kompaniyasi global ijrochi direktori Shilpan Amin bilan uchrashgan. Tomonlar ishlab chiqarish hamkorligini rivojlantirish, mahsulot turlarini kengaytirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilgan.

davaktiv agentligi, general motors, uzauto motors, xususiylashtirish

Bundan tashqari, uchrashuvda zamonaviy mashinasozlikda talab yuqori bo‘lgan yangi texnologiyalar va xomashyo resurslari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston kelgusi uch yil davomida $5 mlrd lik avtomobil ehtiyot qismlarini import qilishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston va AQSH UzAuto Motors’ni bo‘lajak sotish va xususiylashtirish doirasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganadi.


Avvalroq Spot Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi ishonchli boshqaruvga berilgani haqida yozgandi.