Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni suyultirilgan gaz ta’minoti tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjat 7-sentabr kuni suyultirilgan tabiiy gaz sohasini qayta tashkil etish mavzusidagi taqdimotda belgilangan qadamlarni mustahkamlaydi. Islohotlar sohaning moliyaviy shaffofligini oshirish va uning bosqichma-bosqich bozor asosiga o‘tishini ta’minlashga qaratilgan.

Hududgazta’minot ta’sischiligida LPG-Trade sho‘ba korxonasi tashkil etiladi. U, avvalo, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, qarorda suyultirilgan gazning ulgurji savdosini bosqichma-bosqich birja orqali amalga oshirishga o‘tkazish nazarda tutilgan. Bu talab O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan hamda mamlakatga import qilingan gaz hajmlariga ham taalluqli.

Shu bilan birga, yetkazib beruvchilarga suyultirilgan gazni o‘z taqsimlash shoxobchalari orqali chakana sotish imkoniyati beriladi. Aholini propan bilan ta’minlovchi kompaniyalar uni bevosita birjadan yoki xorijdan xarid qilishi mumkin bo‘ladi.

Suyultirilgan gaz ta’minotidagi o‘zaro subsidiyalash bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Uning o‘rniga ehtiyojmand aholiga manzilli moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash sohasiga xususiy sektor ham jalb etiladi. Bu orqali sohada bosqichma-bosqich raqobat muhitini shakllantirish ko‘zda tutilgan.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz chegaraoldi quduqlardan gaz qazib olishni boshlashi haqida yozgandi.