O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda gaz qazib olish ko‘rsatkichlari hamda kelgusi kuz-qish mavsumida iste’molchilarni gaz bilan barqaror ta’minlash masalalari tahlil qilindi. Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Zaxiralar va moliyaviy mablag‘lar mavjud bo‘lishiga qaramay, ayrim yo‘nalishlardagi ko‘rsatkichlar talab darajasida emas. Asosiy e’tibor konlar, quduqlar va ular uchun bevosita mas’ul mutaxassislar faoliyatiga qaratilishi belgilandi.

“Qayerda xatoga yo‘l qo‘yyapmiz? Natijaga erishish uchun yana qanday choralar ko‘rishimiz kerak? Qish yaqinlashmoqda, xalqimizga esa gaz kerak”, — dedi Abdug‘ani Sanginov.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida har bir quduqda gaz qazib olish uchun mas’ul xodimlar faoliyatini KPI orqali baholash tizimi joriy etildi. Ushbu yondashuvni tajriba tariqasida kompaniyaning barcha qazib chiqarish boshqarmalarida joriy etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, qazib olishning bazaviy hajmini saqlab qolgan va uning kamayishiga yo‘l qo‘ymagan boshqarmalarni har oy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Qazib olish hajmini oshirish uchun chuqur quduqlarni o‘zlashtirish, quduqlar fondi bilan ishlash, yangi konstruksiyalarni burg‘ilashni jadallashtirish va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi quduqlarni ishga tushirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shuningdek, chegaraoldi hududdagi quduqlardan gazni sanoat miqyosida qazib olishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

15-sentabrdan boshlab joylarda boshqaruv raisi o‘rinbosarlari rahbarligida o‘rganish ishlari boshlanadi. Boshqarmalar, loyiha institutlari, geologlar, qazib chiqarish bo‘linmalari, dispetcherlik xizmati va xorijiy hamkorlar ishtirokidagi ishchi guruhlar konlar va quduqlarning holati, ularning debiti pasayishi hamda ekspluatatsiya vazifalarining bajarilishini tahlil qiladi.

Shuningdek, kichik kompressor stansiyalarini yetkazib berishni nazorat qilish va ular uchun maydonlarni tayyorlash topshirildi. “M-25” konida qulay ob-havo sharoitidan kelib chiqib, yer ishlarini jadallashtirish rejalashtirilmoqda.

Gissarneftgaz qo‘shma korxonasida amalga oshirilgan islohotlardan so‘ng neft va gaz kondensati qazib olish hajmi ikki baravar oshdi. Biroq yanvar-avgust oylarida qazib olish rejasi atigi 61% ga bajarilgan. Qo‘shma korxonaga yil oxirigacha ushbu ko‘rsatkichni kamida 90% ga yetkazish topshirildi.

Bundan tashqari, sentyabr oyining ikkinchi yarmida yangi quduqlarni ishga tushirish, amaldagi quduqlarning barqaror debitini saqlash, qazib olish quvvatlaridan to‘liq foydalanish va avariyaviy to‘xtashlarni bartaraf etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz gaz kondensati, oltingugurt va propan ishlab chiqarishni 20%ga oshirmoqchiligi haqida yozgandi.