Prezident Shavkat Mirziyoyevga aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Hozirda O‘zbekistonda 3,8 mlnga yaqin aholi va qariyb 2 mingta ijtimoiy soha obyekti suyultirilgan gazdan foydalanadi. 2026-yilda ularning ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna gaz yetkazib berish rejalashtirilgan.

Taqdimotda amaldagi tizimdagi muammolar, jumladan, ayrim hududlarda gazning belgilangan muddatda yetkazilmayotgani qayd etildi.

Iste’molchilarning 22%i suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq kutmoqda. Natijada ayrim oilalarning xarajatlari belgilangan narxdan bir necha barobar oshmoqda.

Tizimni isloh qilish doirasida Hududgazta’minot ta’sischiligida “LPG-Trade” MChJni tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

Suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi ta’minlanadi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilanadi.

Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi.

Andijon viloyatida suyultirilgan gaz yetkazib berish tizimiga xususiy operatorlarni jalb etish bo‘yicha pilot loyiha amalga oshiriladi. Keyinchalik ushbu tajribani boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.

Pilot loyiha doirasida xizmatlarni kamida ikki operator ko‘rsatishi, iste’molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Operatorlar zarur litsenziya va ruxsatnomalarga hamda malakali muhandis-texnik xodimlarga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, iste’molchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik va yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan gaz to‘ldirish shoxobchalari tashkil etiladi.

Ijtimoiy soha obyektlari uchun gaz birja narxlarida yetkazib beriladi. Aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan tafovut esa davlat budjeti hisobidan qoplanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev islohotlarni aholi uchun qulaylik va ijtimoiy adolat tamoyillari asosida amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga gaz yetkazib berish muddatlarini qisqartirish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish va taqsimotda shaffoflikni ta’minlash topshirildi.


Avvalroq Spot gaz ta’minotidagi tekshiruvlarda 1,44 trln so‘mlik noqonuniy iste’mol fosh etilgani haqida yozgandi.