2025-yil va 2026-yilning birinchi yarmi davomida tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida korrupsiyaga qarshi nazorat tadbirlari doirasida 31 mingdan ortiq reyd tadbirlari o‘tkazildi. Bu haqda Energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, komplayens tuzilmalar tomonidan tizim xodimlarining faoliyatlari bo‘yicha 2025-yilda 17 824 ta, 2026-yilning o‘tgan davrida esa 13 310 ta rejadan tashqari to‘satdan tekshirish va monitoring ishlari olib borilgan.
Tekshiruvlar davomida gaz ta’minoti xodimlari tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan 441 ta korrupsiyaviy huquqbuzarlikning oldi olingan. Bundan tashqari, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yo‘nalishlarida jami 11,5 mingdan ortiq turli qoidabuzarlik aniqlangan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 824 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, 611 ta material huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Natijada 253 nafar xodimga nisbatan intizomiy choralar qo‘llanilgan, shundan 127 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 212 nafariga hayfsan berilgan, 41 nafari esa oylik ish haqi hisobidan jarimaga tortilgan.
47 ta holatda 7,77 mlrd so‘mlik tovar moddiy boyliklar va yoqilg‘i-moylash mahsulotlari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun yuborilgan.
Shuningdek, tekshiruvlar davomida qiymati 1,44 trln so‘mga teng bo‘lgan 546 mln kub metr gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanib, hujjatlar zararni undirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Suyultirilgan gaz ta’minoti sohasida esa 1076 ta qoidabuzarlik aniqlangan. Ularning 406 tasi noqonuniy gaz savdosi bilan shug‘ullangan bunkerlar faoliyatiga to‘g‘ri keladi. Reydlar natijasida 15 761 ta maishiy gaz balloni hamda 180 tonnadan ortiq suyultirilgan gazning noqonuniy sotilishi oldi olingan.
Avvalroq Spot Toshkentda elektr ta’minotidagi avariyalar bo‘yicha maxsus komissiya ish boshlagani haqida yozgan edi.