Raqobat qo‘mitasi WB Taxi’ga taksi xizmatlari bo‘yicha so‘rov yubordi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlarda taksi xizmatlari faoliyati yuzasidan iste’molchilar shikoyatlari ko‘paygan.

Jumladan, WB TAXI MCHJ faoliyati bilan bog‘liq 2026-yil yanvar-avgust oylarida 20 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Ularda iste’molchilar taksi buyurtma qilganida avtomobillar belgilangan joyga kelmayotgani, haydovchilar bilan qayta aloqa qilishning imkoni yo‘qligi hamda bunday holatlarda operatorlar tomonidan tegishli choralar ko‘rilmayotganidan e’tiroz bildirgan.

Raqobat qo‘mitasi o‘tkazgan o‘rganishlarda kompaniya tomonidan “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi va “Elektron tijorat to‘g‘risida"gi qonunlari talablariga yetarlicha rioya qilinmayotgani aniqlangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan nizomdagi qator talablar ham bajarilmagani ma’lum bo‘lgan.

Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi mazkur e’tirozlarni nazoratga oldi. Qo‘mita kompaniyaga qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan so‘rov yubordi.

Shu bilan birga, yo‘lovchilarning kompaniya bilan qayta aloqa o‘rnatishi va zarur ma’lumotlarni olishi uchun imkoniyat yaratish choralarini ko‘rish so‘raldi.

Wildberries taksi xizmati 2025-yil dekabr oyida Toshkentda cheklangan foydalanuvchilar uchun — taklifnoma yoki kutish ro‘yxati orqali ishga tushirilgan edi. 23-martdan ilova barcha foydalanuvchilar uchun ochildi, iyun oyida kompaniya xizmat Samarqandda, iyulda esa Buxoroda ham ishga tushirilganini e’lon qildi.


Avvalroq Spot Raqobat qo‘mitasi mahalliy aviareyslardagi kechikishlarga kompensatsiya to‘lanishini o‘rganayotgani haqida yozgandi.