Raqobat qo‘mitasi kechikkan aviareyslar uchun yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishini o‘rganmoqda. Bu haqda nazorat organi matbuot xizmati xabar berdi.
2026-yilning birinchi yarmida havo transporti xizmatlari bo‘yicha iste’molchilar murojaatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,1 barobarga ko‘payib, 300 tadan oshdi.
Murojaatlarda aviareyslarning bir necha soatga kechikishi, yo‘lovchilarga o‘z vaqtida aniq axborot berilmasligi, sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olinishi kabi holatlar qayd etilgan.
Qo‘mita tahliliga ko‘ra, ayrim hollarda tashuvchining aybi bilan kechikkan reyslar bo‘yicha yo‘lovchilarga kompensatsiya yoki muqobil yechim taklif etilmagan. Bu esa fuqarolarning vaqti, mablag‘i va rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi mahalliy aviareyslar tashuvchining aybi bilan kechikkanda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi hamda iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi holatlarini ochiq manbalar asosida o‘rganmoqda.
Nazorat organi aviakompaniyalardan raqamli platformalaridagi axborotlarni to‘liq taqdim etish va qonunchilikka muvofiqlashtirishni, fuqarolardan esa ushbu sohadagi taklif va e’tirozlarini qo‘mitaga yuborishni so‘radi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida yozgan edi.