Avvalroq Spot Saida Mirziyoyeva Toshkentda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik arxitektura loyihalari tashabbuskorlari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida yozgandi.

Unda ixtisoslashgan studiyalar va oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, shuningdek, mustaqil ekspertlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda loyihalashtirilayotgan va amalga oshirish bosqichidagi bir nechta majmualar taqdim etildi. Jumladan, Silq Plaza Amir Temur xiyoboni yaqinidagi 3 gektarlik hududda — sobiq davlat kompaniyasi O‘zbekenergo binosi o‘rnida qurilishi rejalashtirilayotgan majmua loyihasini taqdim etdi.

Loyiha umumiy qiymati $400 mln bo‘lgan mehmonxona, biznes-markaz va apartamentlarni o‘z ichiga oladi. Binolarning umumiy maydoni 1,152 mln kvadrat metrni tashkil etadi.

Taqdimotdagi ma’lumotlarga ko‘ra, majmuada umumiy maydoni 585 ming kvadrat metr bo‘lgan 6500 ta turar joy bo‘ladi. Shuningdek, quruvchi O‘zbekenergo binosi yonida joylashgan favvorani qayta qurishni taklif qilmoqda.

Tadbirda Silq Plaza kompaniyasi rahbari va Tashkent City Mall bosh direktori Diyor Qayumov ham ishtirok etdi. U “biz boshi berk ko‘chaga kirib qolmoqdamiz”, deya ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, developer loyiha uchun allaqachon investitsiya kiritishni boshlagan.

“Mana savol: [katta] bino bo‘lsa, unda qancha bola bo‘lishini va qancha bog‘cha kerakligini kimdir hisoblayaptimi? Axir bu xalqning kayfiyatiga ham ta’sir qiladi. Biz buni tushunishimiz kerak”, — deya ta’kidladi Mirziyoyeva.

Qayumov “biz barchasini hisoblab chiqishimiz kerak”, degan fikrga qo‘shildi.

Poytaxt markazidagi O‘zbekenergo binosi 2019-yilda Energetika vazirligi tashkil etilganidan ko‘p o‘tmay ma’muriy bino sifatida foydalanishdan chiqarilgan.

Vazirlikni tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarorida bino va unga tutash hududni xorijiy investorlarni jalb qilgan holda mehmonxona majmuasi qurish uchun bo‘shatish ko‘zda tutilgan.

2020-yil boshida loyiha bo‘yicha qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum bo‘ldi. Uch yillik investitsiya dasturiga ko‘ra, bino o‘rnida $50 mln qiymatdagi Yevropa brendi ostidagi 4 yoki 5 yulduzli mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Ishlarni 2023-yilda yakunlash ko‘zda tutilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020-yil iyulida binoni 85 mlrd so‘m boshlang‘ich narxda ochiq savdoga chiqarishni e’lon qilgan. Xaridor uning o‘rnida kamida 200 kishiga mo‘ljallangan mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar markaz qurishi kerak edi.


Avvalroq Spot Toshkentdagi noqonuniy qurilishlar haqida xabar berish uchun bot ishga tushirilgani haqida yozgandi.