Bosh prokuratura Toshkentdagi noqonuniy qurilishlar haqida xabar berish uchun maxsus Telegram-botni ishga tushirdi.
Bot poytaxtning me’moriy qiyofasini saqlash, shaharsozlik normalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash va noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yish uchun samarali jamoatchilik nazoratini tashkil qilish maqsadida ishlab chiqildi.
Endilikda fuqarolar @noqonuniy_qurilish_bot orqali Toshkentdagi noqonuniy qurilishlar haqida tezkor ma’lumot yuborishi mumkin.
Bosh prokuratura ko‘p qavatli uylar atrofi, sport va bolalar maydonchalari, yashil hududlar hamda boshqa jamoat joylarida noqonuniy qurilish obyektlariga duch kelgan fuqarolardan bu haqda bot orqali xabar berishni so‘ramoqda.
Noqonuniy qurilishlar inventarizatsiyasi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning 30-iyul kuni Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrif chog‘ida mahalla aholisi ekkan daraxtlar kesib, qo‘porib tashlangani, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurilishi rejalashtirilayotgani aniqlandi.
Natijada Bosh prokuraturaga Toshkent bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirildi. Unda qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilingani tekshirilishi kerak.
Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimovning qayd etishicha, xususiy tadbirkor “investitsiya kiritaman, deb shunday holatga olib kelgan”. 2023-yilda bu yerga devor o‘rnatilib, mahalla binosi va bolalar maydonchasi buzib tashlangan. Maydonchaning markazida ilgari favvora bo‘lgan.
“Bular o‘rganib olibdi-da. Birinchi qarashadi, keyin tashlandiqqa aylantirishadi. Keyin yopishadi sekin, daraxtlarni kesib yo‘qotishadi, betonlashadi. Shu bilanб qarabsizki, zo‘r uchastka. Atrofdagilar ham: „Ha, mayli bo‘pti, bir balo bo‘lsin, bunaqa yotgandan ko‘ra“, deydi”, — deya qayd etdi Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbari Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonovga murojaat qilib, bu masalalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi, shu bilan birga, sodir bo‘lgan holatni jinoyat deb atab, shahar bo‘ylab bu kabi holatlarni xatlovdan o‘tkazishni topshirdi.
Mirobod tumanida bolalar maydonchasi o‘rnida qurilish olib borilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov doirasida kompaniya mansabdorlaridan biri gumon qilinuvchi sifatida ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, Lolazor MFYdagi hudud avval Mahalla xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan. Keyinchalik u Al-Latif Hearts Tower tasarrufiga o‘tkazilib, qurilish uchun ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan. Biroq aholi qarshiligi sabab investor bilan tuzilgan shartnoma bekor qilingan.
Shunga qaramay, iyun oyida fond balansidagi 172 kv.m bino buzib tashlangan. Holat yuzasidan 27-iyul kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda, bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish choralari ko‘rildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda sanoat zonalaridagi 4 mingta noqonuniy obyektga amnistiya berilishi haqida yozgandi.