Toshkentning Mirobod tumanidagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi qurilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Rasmiy axborot kanalida ma’lum qilindi.

30-iyul kuni tumandagi bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari o‘rnida olib borilgan qurilish ishlari o‘rganildi. Aniqlanishicha, Mahalla xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik Al-Latif Hearts Tower korxonasi tasarrufiga o‘tkazilgan hamda rekonstruksiya va qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun tegishli ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Biroq Lolazor MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar aholisi bu yerda yangi bino qurilishiga qarshilik bildirgan. Shuningdek, Mahalla fondi va investor o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi ham bekor qilingan.

Shunga qaramay, 2026-yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan 27-iyul kuni Mirobod tuman prokuraturasi tomonidan Al-Latif Hearts Tower korxonasi mansabdor shaxslari hamda boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Shuningdek, kompaniyaning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish, shuningdek, bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.

Noqonuniy qurilishlar inventarizatsiyasi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning 30-iyul kuni Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrif chog‘ida mahalla aholisi ekkan daraxtlar kesib, qo‘porib tashlangani, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurilishi rejalashtirilayotgani aniqlandi.

Natijada Bosh prokuraturaga Toshkent bo‘yicha bunday obyektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirildi. Unda qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilingani tekshirilishi kerak.

Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimovning qayd etishicha, xususiy tadbirkor “investitsiya kiritaman, deb shunday holatga olib kelgan”. 2023-yilda bu yerga devor o‘rnatilib, mahalla binosi va bolalar maydonchasi buzib tashlangan. Maydonchaning markazida ilgari favvora bo‘lgan.

“Bular o‘rganib olibdi-da. Birinchi qarashadi, keyin tashlandiqqa aylantirishadi. Keyin yopishadi sekin, daraxtlarni kesib yo‘qotishadi, betonlashadi. Shu bilanб qarabsizki, zo‘r uchastka. Atrofdagilar ham: „Ha, mayli bo‘pti, bir balo bo‘lsin, bunaqa yotgandan ko‘ra“, deydi”, — deya qayd etdi Mirziyoyeva.

Prezident Administratsiyasi rahbari Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonovga murojaat qilib, bu masalalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi, shu bilan birga, sodir bo‘lgan holatni jinoyat deb atab, shahar bo‘ylab bu kabi holatlarni xatlovdan o‘tkazishni topshirdi.

Avvalroq Spot eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlari oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgan edi.