O‘zbekistonda eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlariga ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurishni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasi qurilish-montaj ishlarining belgilangan reja-grafik asosida olib borilishi, shartnomalarda tomonlarning teng huquqliligini ta’minlash, uy-joy reklamalarini tartibga solish hamda fuqarolar va biznes mablag‘larini jalb qilish jarayonlarini nazorat qilishni nazarda tutadi.
Majlisda deputatlar yangi tartiblarning uy-joy narxlariga ta’siri masalasini ko‘tardi. Xususan, deputat Anvarxon Temirov yangi tartibda quruvchilar loyihalarni moliyalashtirishda faqat vakolatli bank orqali ishlashi talab etilishi uy-joy tannarxining oshishiga olib kelmasligi haqida savol berdi.
Adliya vazirligi Iqtisodiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Mirzayevning tushuntirishicha, yangi tizimda fuqarolar va ulushdorlar tomonidan kiritiladigan barcha mablag‘lar bankdagi eskrou hisobvarag‘iga joylashtiriladi. Quruvchi ushbu mablag‘lardan foydalana olmaydi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, eskrou hisobvaraqlariga fuqarolarning uy-joy uchun to‘lovlari, subsidiyalar hamda ipoteka kreditlari bo‘yicha mablag‘lari jamlanadi. Mirzayev eskrou tizimi sabab qurilish tannarxi oshishi ehtimoli borligini ham tan oldi.
“Juda to‘g‘ri savol ko‘tarildi. Bu masala bo‘yicha to‘rtta ilmiy tashkilot o‘rganish qilib, o‘z xulosasini bergan: qurilish narxi ko‘tarilishi ehtimoli bor. Sababi hozirgi kunda quruvchilar pulni fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri, hech qanday foiz va risklarsiz olib ishlatyapti. Bu tartibda esa kredit olgach, unga foiz hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadimiz — fuqarolarning pul mablag‘larini himoya qilish, shuning uchun yangi tizimni joriy qilishga majburmiz. Ertaga, to‘g‘ri, uyning narxi ko‘tariladi, lekin fuqaro, masalan, uyni ololmay qolsa, bankdan pulini bemalol olishi mumkin bo‘ladi”, — dedi u.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 12 yilda O‘zbekistonda qurilish hajmi 17,5 baravar oshgan. Shu bilan birga, sohada quruvchi va uy-joy xaridorlari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, fuqarolar mablag‘larini himoya qilish kabi masalalar dolzarbligicha qolmoqda.
Qayd etilishicha, 129 ta quruvchi va ulushdorlar o‘rtasidagi shartnomalar tahlil qilinib, ularning 84% da qurilish obyektining kafolat muddati belgilanmagani, 80% da qayta hisob-kitob qilishda quruvchilarga ustuvorlik berilgani aniqlangan.
Shu bilan birga, faqatgina 20% shartnomada taraflarning huquqlari inobatga olingan, 51% shartnomalarda esa obyektni topshirish muddati kechikkanda quruvchining javobgarligi belgilanmaganligi, quruvchilar va ulushdorlar o‘rtasidagi shartnomalarning ro‘yxatga olinmay qolishi kabi kamchiliklar tus olgan.
10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev ulushli uy-joy qurilishini tartibga soluvchi qonun loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, uy-joy qurilishini moliyalashtirishda eskrou hisobvaraqlari joriy etiladi. Xaridorlarning puli maxsus bank hisobida saqlanib, qurilish shartlari bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
Iyul oyi boshida deputatlar eskrou bo‘yicha qonun loyihasi muhokamasini boshladi. Hujjat ulushdorlar mablag‘larini himoya qilish hamda developerlar faoliyatini tartibga solishni nazarda tutadi.
Avvalroq Spot 1-noyabrdan ro‘yxatdan o‘tmagan master rejalar asosida qurilish taqiqlanishi haqida yozgan edi.