O‘zbekistonda ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqdi.
Muhokamada ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilish hajmi 17,5 baravar oshgan. Biroq ayrim developerlarning qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish grafigiga amal qilmayotgani, ulushli shartnomalarda fuqarolar manfaatlari yetarli darajada himoya qilinmagani hamda uy-joylar belgilangan vaqtda foydalanishga topshirilmayotgani kabi muammolar saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, tajribasi yetarli bo‘lmagan quruvchilar soni ortib, muammoli qurilish obyektlari ko‘payayotgani qayd etildi. Ulushli qurilishning tartibga solinmagani esa ko‘plab fuqarolarning uy-joy xaridida muammolarga uchrashiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk obyektlari qurilishiga jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini jalb qilish tartibini qonun darajasida belgilash rejalashtirilmoqda.
Hujjat ulush kiritish mexanizmini takomillashtirish, ulushdorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini hamda ularning mablag‘larini kafolatli himoya qilishni nazarda tutadi.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasidagi ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar berishdi. Loyihani “mukammal tarzda maromiga yetkazish” bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Hozirda qonun loyihasi mutaxassislar ishtirokida takomillashtirilib, Qonunchilik palatasi majlisi kun tartibiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.
10-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev ulushli uy-joy qurilishini tartibga soluvchi qonun loyihasi bilan tanishdi. Loyihaga ko‘ra, uy-joy qurilishini moliyalashtirishda eskrou hisobvaraqlari joriy etiladi. Xaridorlarning puli maxsus bank hisobida saqlanib, qurilish shartlari bajarilgandan keyingina quruvchiga o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda eskrou tizimi
Joriy yilning fevral oyida mutaxassislar O‘zbekistonda eskrou tizimi 2026-yil 1-iyuldan ishga tushirilishi mumkinligini bildirgandi. Ularning fikricha, eskrou-hisoblarni joriy etishga birinchi navbatda mahalliy banklar tayyor emas. Me’yoriy baza ishlab chiqilayotgani sababli tizim ishga tushirilishi joriy yil o‘rtalarigacha kechiktirildi.
Mart oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ulushli qurilishda eskrou tizimini joriy etish qonunchilikdagi bo‘shliqlar sabab kechikayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tizim bo‘yicha qonun loyihasi deyarli tayyor bo‘lib, uni 1-iyulgacha qabul qilish rejalashtirilgan.
Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov eskrou tizimi quruvchilarning aholidan mablag‘ jalb qilish jarayonini tartibga solishi, moliyaviy xavflarni kamaytirishi va “piramida” sxemalarining oldini olishini ta’kidladi. Hozircha tizim ayrim xususiy banklar tomonidan ixtiyoriy qo‘llanmoqda.
May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohfshafirbek Amonov eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi va bunda nafaqat uy xaridorlari, balki quruvchi kompaniyalar manfaatlari ham inobatga olinadi.
Hozirda bu borada Adliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa idoralar ishtirokida ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, kelgusida qurilish jarayonidagi uy-joylarni ham eskrou tizimi orqali xarid qilish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot iyunda eskrou hisobvaraqlari orqali bitimlar 19% ga ko‘paygani haqida yozgan edi.