Rossiya Markaziy banki pul-kredit siyosatini yumshatish siklini to‘xtatdi. Regulyator boshqaruvi 11-sentabrdagi yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolishga qaror qildi.
Ekspertlar so‘nggi oylarda narxlar bosimi kuchayganini qayd etmoqda. Iyul yakunlariga ko‘ra, mavsumiy omillar hisobga olingandagi joriy narxlar o‘sishi 11,6% ni tashkil etdi. Bu ikkinchi chorakdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ikki baravardan ko‘proq yuqori.
Bahor va yoz boshida sekinlashgan bazaviy inflyatsiya 7% gacha ko‘tarildi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi oylarda narxlar dinamikasiga, xususan, “o‘zgaruvchan pozitsiyalar” — motor yoqilg‘isi, meva va sabzavot mahsulotlari sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Barqaror inflyatsiya bo‘yicha baholar diapazoni yillik hisobda 5−6% gacha oshdi. 7-sentabr holatiga yillik inflyatsiya 6,3% ni tashkil etdi. Bir yarim oy avval bu ko‘rsatkich 5,9% edi.
Aholi, biznes va moliya bozori ishtirokchilarining inflyatsion kutilmalari turlicha o‘zgardi. Markaziy bank qayd etishicha, umuman olganda, narxlar o‘sishi bo‘yicha prognozlar yuqoriligicha qolmoqda. Bu inflyatsiyaning barqaror sekinlashishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, investitsiya faolligi oshishi fonida iqtisodiyotda mo‘tadil o‘sish kuzatilmoqda. Shuningdek, kadrlar taqchilligi kamayishi va ishsizlikning biroz oshishi fonida mehnat bozoridagi keskinlik asta-sekin pasaymoqda. Ish haqi o‘sish sur’atlari “mehnat unumdorligi o‘sishiga asta-sekin yaqinlashmoqda”.
Foiz stavkalarining turlicha o‘zgarishi fonida pul-kredit siyosati mo‘tadil qat’iy deb baholanmoqda. Kredit faolligi, asosan, korporativ segment hisobiga oshmoqda, chakana kreditlash esa mo‘tadil sur’atlarda o‘smoqda. Foiz stavkalari pasayishiga qaramay, jamg‘arishga moyillik yuqoriligicha qolmoqda.
“Kelajakdagi inflyatsiya bo‘yicha kutilmalar dinamikasini hisobga olgan holda, real ko‘rinishda pul-kredit sharoitlarining qat’iyligi umuman olganda biroz pasaydi”, — deya qayd etdi Markaziy bank.
Regulyator baholariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda inflyatsiyani oshiruvchi xatarlar kuchaydi. Avvalo, ayrim tarmoqlarda ishlab chiqarish quvvatlarining “uzoqroq muddatga ishdan chiqishi” holatida talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblik xavfi mavjud.
Shuningdek, yuqori inflyatsion kutilmalar, ish haqi o‘sishining mehnat unumdorligidan yuqori bo‘lishi, jahon iqtisodiyoti istiqbollarining yomonlashuvi va global narxlar bosimining kuchayishi ham qayd etilgan.
2025-yil iyun oyida Rossiya Markaziy banki qariyb uch yildan beri ilk bor asosiy stavkani 21% dan 20% gacha pasaytirgan va buni “inflyatsion bosimning barqaror pasayishi” bilan izohlagan. Shundan so‘ng regulyator stavkani yana to‘qqiz marta pasaytirdi. Bunda so‘nggi ikki pasayish atigi 0,25 foiz bandini tashkil etdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi 13% dan ko‘proqqa kamaygani haqida yozgandi.