Markaziy bank 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan ichki valyuta bozoridagi valyuta operatsiya va intervensiyalarining asosiy maqsadlari, tamoyillari va amalga oshirish qoidalarini belgiladi.

Strategiya “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida“gi hamda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida“gi qonunlarga muvofiq ishlab chiqilgan. Hujjat Markaziy bankning ichki valyuta bozorida bir tomoni milliy valyuta — so‘m bo‘lgan operatsiya va intervensiyalariga nisbatan qo‘llaniladi.

Strategiyaga ko‘ra, valyuta operatsiyalari Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilingan qimmatbaho metallarni xalqaro bozorlarda sotishdan tushgan chet el valyutasidagi mablag‘larni sotish va Markaziy bank mijozlariga chet el valyutasi xaridi va sotuvi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq operatsiyalarini anglatadi.

Markaziy bank mijozlari qatoriga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlar va boshqa muassasalar kiradi.

Valyuta intervensiyalari esa Markaziy bankning ichki valyuta bozorini tartibli va uzluksiz faoliyat yuritishini ta‘minlash, milliy valyuta almashuv kursining keskin tebranishlarini yumshatish hamda xalqaro zaxiralar likvid miqdorining maqbul darajasini ta‘minlash maqsadida amalga oshiradigan operatsiyalaridir.

Xalqaro zaxiralar likvid miqdorining maqbul darajasi mamlakatning tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyatini saqlash, importni moliyalashtirish va kutilmagan tashqi iqtisodiy shoklarga bardoshlilikni ta‘minlash uchun yetarli deb hisoblangan Markaziy bank xalqaro zaxiralarining likvid miqdorini anglatadi.

Strategiya Markaziy bankning narxlar barqarorligini ta‘minlash maqsadiga muvofiq, inflyatsion targetlash rejimi tamoyillari asosida valyuta operatsiya va intervensiyalarining maqsadlari, tamoyillari va amalga oshirish qoidalarini belgilaydi hamda ichki valyuta bozorini rivojlantirish va suzuvchi valyuta almashuv kursi rejimini ta‘minlashga xizmat qiladi.

Strategiyani amalga oshirishda Markaziy bankning narxlar barqarorligini ta‘minlash bo‘yicha vazifalari, pul-kredit siyosati operatsiyalari, xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha investitsiya siyosati hamda umumiy makroiqtisodiy jarayonlar, jumladan, fiskal shart-sharoitlar va kapital harakatini tartibga solish chora-tadbirlari inobatga olinadi.

Markaziy bank ichki valyuta bozorida quyidagi maqsadlarda faoliyat yuritadi:

  • valyuta operatsiyalarini amalga oshirish;
  • xalqaro zaxiralar likvid miqdorining maqbul darajasini ta‘minlash;
  • ichki valyuta bozorining tartibli va uzluksiz faoliyat yuritishini ta‘minlash, jumladan, yirik yoki kutilmagan chet el valyutasi talab va taklif omillari ta‘sirini yumshatish;
  • almashuv kursining keskin tebranishlarini yumshatish.

Valyuta operatsiya va intervensiyalarini amalga oshirish maqsadlari o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelgan taqdirda, Markaziy bank boshqaruvi har bir holatda ustuvorliklar to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Strategiyada valyuta operatsiyalari makroiqtisodiy sharoitlar va Markaziy bankning inflyatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlariga muvofiq valyuta almashuv kursining uzoq muddatli fundamental trendini o‘zgartirishga qaratilmasligi belgilangan. Valyuta kursi yoki uning o‘zgarishi Markaziy bank pul-kredit siyosatining maqsadli ko‘rsatkichi sifatida belgilanmaydi.

Bundan tashqari, valyuta operatsiya va intervensiyalari inflyatsion targetlash rejimining samarali faoliyatiga hamda asosiy stavkaning pul-kredit siyosati transmission mexanizmidagi roliga putur yetkazmasligi kerak. Shuningdek, ular ichki valyuta bozorining tartibli rivojlanishi va bozor mexanizmlariga salbiy ta‘sir ko‘rsatmasligi hamda iqtisodiyotdagi valyuta xatarlari va nomutanosibliklarning tizimli ravishda to‘planishiga olib kelmasligi lozim.

Markaziy bank mijozlarining ehtiyojlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilingan qimmatbaho metallarning xalqaro bozorlarda sotilishi va ichki valyuta bozoridagi chet el valyutasiga bo‘lgan talabning mavsumiyligi bilan bog‘liq valyuta operatsiyalarining davriyligi faqat ushbu omillar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Valyuta operatsiyalari va intervensiyalarining davriyligi ichki valyuta bozorining rivojlanishi va iqtisodiyotning tarkibiy xususiyatlari — dollarlashuv darajasi, valyuta kursi o‘zgarishining inflyatsiyaga ta‘siri, kapital harakati holati hamda moliya bozorining rivojlanish bosqichiga moslashib boradi.

Moliya bozorining rivojlanishi, dollarlashuv darajasining pasayishi, kapital harakatining liberallashuvi, almashuv kursi o‘zgarishining inflyatsiyaga ta‘sirining kamayishi hamda xalqaro zaxiralar likvid miqdorining maqbul darajasi ta‘minlanishi sharoitlarida valyuta operatsiyalari va intervensiyalarining hajmi va davriyligi qisqartirib boriladi.

Markaziy bank valyuta operatsiyalarini valyuta almashuv kursi yo‘nalishiga ta‘sir ko‘rsatmagan holda, ma‘lum davriylikda oldindan e‘lon qilinadigan muddatlarga muvofiq amalga oshiradi.

Xalqaro zaxiralar likvid miqdorining maqbul darajasini saqlab turish maqsadida amalga oshiriladigan valyuta intervensiyalari Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilangan davriylikda amalga oshiriladi. Xalqaro zaxiralar likvid miqdorining maqbul darajasi Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan xalqaro zaxiralarni boshqarish bo‘yicha ichki hujjatlarga muvofiq belgilanadi.

Milliy valyuta almashuv kursining keskin tebranishlarini yumshatish maqsadida o‘tkaziladigan valyuta intervensiyalari bozor tamoyillari asosida shakllanadigan valyuta almashuv kursi yo‘nalishiga ta‘sir qilmaydigan holda amalga oshiriladi.

Ichki valyuta bozoridagi valyuta operatsiyalari valyuta birjasi va birjadan tashqari valyuta bozorlarida amalga oshirilishi mumkin. Markaziy bank tomonidan ichki valyuta bozoridagi valyuta intervensiyalari esa faqat valyuta birjasida amalga oshiriladi.

Valyuta operatsiya va intervensiyalari bo‘yicha qaror qabul qilish va hisobdorlik jarayonlari Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilangan ichki hujjat asosida belgilanadi.

Markaziy bank valyuta operatsiya va intervensiyalari maqsadlari bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida sifat va miqdor ko‘rsatkichlari tahlilidan foydalanadi. Ushbu ko‘rsatkichlar Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilangan ichki hujjatda qayd etiladi va davriy ravishda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladigan valyuta operatsiya va intervensiyalari hamda ularga oid tahliliy ma‘lumotlar regulyatorning kommunikatsion siyosatiga muvofiq ommaviy bayonotlar, press-relizlar va davriy nashrlarda e‘lon qilib boriladi.

Spot, avvalroq, Markaziy bank rasmiy valyuta kursini shakllantirish tartibini o‘zgartirishi haqida yozgandi.