15-sentabrdan ichki valyuta bozorida valyuta almashuv kursini shakllantirish va e‘lon qilish amaliyoti takomillashtiriladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, regulyatorning rasmiy valyuta kurslari nafaqat valyuta birjasidagi, balki banklararo birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlarni ham hisobga olgan holda aniqlanadi.

Xususan, rasmiy kurs birja va birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlarning o‘rtacha tortilgan kursi asosida shakllantiriladi.

Markaziy bank qayd etishicha, bu rasmiy kursni hisoblashda ichki valyuta bozoridagi bitimlarni kengroq qamrab olish va bozor holatini yanada aniq aks ettirish imkonini beradi.

Shuningdek, dam olish kunlari, jumladan, shanba va yakshanba uchun oxirgi ish kuni bo‘yicha rasman e‘lon qilingan valyuta kurslaridan foydalaniladi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston suzuvchi valyuta kursi rejimiga amal qilish va kurs shakllanishiga aralashish amaliyotiga qaytmaslik niyatida ekanini aytgandi.

Spot, avvalroq, 11-sentabrdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 11 783,47 so‘m etib belgilangani haqida yozgandi.