O‘zbekiston suzuvchi valyuta kursi rejimiga amal qilish va kurs shakllanishiga aralashish amaliyotiga qaytmaslik niyatida. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy kapital oqimidan kelib chiqadigan xatarlarni baholashda investitsiyalar tarkibini hisobga olish zarur.

Jumladan, O‘zbekiston qarz olishdan ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga (TXI), ayniqsa uzoq muddatli investitsiyalarga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak.

Ishmetov Markaziy bankning valyuta kursi bo‘yicha pozitsiyasiga ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda valyuta kursini boshqarishga urinishlar bo‘yicha salbiy tajriba bor. Shu sababli O‘zbekiston bu xatolarni takrorlamoqchi emas.

“Biz suzuvchi valyuta kursi tarafdorimiz. Valyuta kursini boshqarish bo‘yicha o‘zimizning yomon tajribamiz bor. Bu xatolarni takrorlamaslikni bizga kimdir o‘rgatishi shart emas”, — deya ta’kidladi u.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, suzuvchi kursga o‘tish qariyb 10 yil davom etgan uzoq muddatli islohotlar natijasi bo‘lgan. Shu sababli regulyator valyuta kursi bilan yana “o‘ynash” va tanlangan rejimdan voz kechish niyatida emas.

Shu bilan birga, Ishmetov iqtisodiyot barqarorligini yanada oshirishga xizmat qilishi kerak bo‘lgan bir nechta yo‘nalishni ta’kidladi.

“Biz qarz olishdan ko‘ra to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarga ko‘proq e’tibor qaratishimiz, milliy valyuta va iqtisodiy rivojlanishga katta ahamiyat berishimiz kerak”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish nafaqat tashqi qarzlar, balki ichki daromadlarni oshirish hisobiga ham ta’minlanishi kerak.


Avvalroq Spot Timur Ishmetov Markaziy bank to‘liq mustaqilligi, stavka bo‘yicha hukumat bosimi yo‘qligini aytgandi.