Markaziy bank pul-kredit siyosati vositalari samaradorligini oshirish va moliya bozorlari infratuzilmasini rivojlantirish ustida ishlamoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Financial Times nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator Shavkat Mirziyoyev tomonidan qariyb 10 yil avval boshlangan islohotlar doirasida bank tizimining operatsion asoslarini mustahkamlashda davom etmoqda.
Ishmetovning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda Markaziy bank asosiy stavka bo‘yicha qarorlar qabul qilishda yanada mustaqil bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator bunday qarorlarni to‘liq mustaqil ravishda qabul qiladi, valyuta rejimi esa bosqichma-bosqich erkin suzuvchi kursga o‘tgan.
“Biz asosiy stavka masalasida to‘liq mustaqilmiz. Hukumat tomonidan bosimga duch kelayotgan ayrim markaziy banklar kabi muammolarga biz duch kelmayapmiz. Bizga omad kulib boqdi — bizda bunday muammolar yo‘q”, — dedi Markaziy bank rahbari.
Timur Ishmetov. Foto: skrinshot
Shu bilan birga, Ishmetov regulyatorning asosiy vazifalaridan biri sifatida o‘z vositalari samaradorligini oshirishni qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’sir o‘tkazish mexanizmi hozircha bir tekis ishlamayapti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiyotning mavjud tuzilmasi moliya bozorlari infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ham qo‘shimcha islohotlarni talab qiladi.
Bunda valyuta bozori bilan bir qatorda milliy valyutadagi bozorni rivojlantirish ham nazarda tutilmoqda.
Ishmetov Markaziy bank faoliyatining yo‘nalishlaridan biri sifatida milliy valyutadagi moliyalashtirishni yanada rivojlantirishni ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator tegishli infratuzilmani rivojlantirishga vaqt va resurslarni faol yo‘naltirmoqda.
“Bu pul-kredit siyosati vositalarimizni yanada samarali qilish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi Markaziy bank raisi.
Avvalroq Timur Ishmetov Markaziy bank moslashuvchan va bozorga yo‘naltirilgan so‘m kursini saqlab qolishi haqida aytgandi.