Avvalroq Spot 9-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev hududlarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida yangi ish tartibi doirasida so‘nggi uch kun ichida 100 mingta xonadon qamrab olingani, shundan 46 mingini kam ta’minlangan oilalar tashkil etganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir mahalladagi mas’ul xodimlar — “mahalla yettiligi” uchun vazifa va jarayonlar bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar ishlab chiqilib, yetkazilgan.
Yangi yo‘riqnomalar bo‘yicha 9 ming nafar hokim yordamchisi va 3 ming nafar mahalla bankiri, jami 12 ming xodim onlayn o‘qitilgan.
Ish daromadini oshirishga muhtoj bo‘lgan kam ta’minlangan va ishsiz fuqarolarni aniqlashdan boshlangan. Elektron so‘rovnoma orqali ularning istaklari, maqsadlari va hududdagi real imkoniyatlari o‘rganilgan.
Natijada kam ta’minlangan oilalarning qancha a’zosi ishga joylashtirilishi, tadbirkorlikka jalb qilinishi, muayyan vakansiyalarga yo‘naltirilishi yoki kasbga o‘qitilishi belgilangan. Qariyb 13 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilinadi, yana 12 ming kishi aniq vakansiyalarga yo‘naltiriladi.
Barcha tumanlarda 162 nafar tadbirkor bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, 48 ta bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.
Zohidovning ta’kidlashicha, olti kunlik ish va yig‘ilish yakunlari mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini ko‘rsatgan.
“Biz asosiy e’tiborni faqat daromadlarni oshirishga qaratayotganimiz haqida xulosaga keldik”, — dedi vazir.
Botir Zohidov. Surat: skrinshot
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda chiqarilgan xulosalar va yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, prezident sakkizta yo‘nalish bo‘yicha vazifalarni belgilagan.
Ular nafaqat daromadlarni oshirish, balki kasbga yo‘naltirish kabi masalalarga ham e’tibor qaratishni nazarda tutadi.
“Qabul qilingan farmon va qarorlarning to‘liq ijro etilishi yil oxirigacha mamlakatni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish imkonini beradi”, — dedi Zohidov.
Avvalroq Spot Chinoz tumani hokimi yil yakunigacha hududni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirishga va’da bergani haqida yozgandi.