Prezidentning urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, qurilish sohasini raqamlashtirish hamda urbanizatsiya yo‘nalishi uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, bosh rejalar va hududlarni rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish uchun barqaror moliyalashtirish mexanizmi joriy etiladi.
Qurilish jarayonlarini nazorat qilish maqsadida Uy-joy yagona raqamli platformasida istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, loyihaning raqamli pasporti va kapital qurilish obyektining raqamli pasporti shakllantiriladi hamda Shaffof qurilish tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi. Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi esa Toshkent urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi etib qayta tashkil etiladi.
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki tashkil etilib, UN-Habitat bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 1-noyabrdan boshlab milliy qo‘mita master rejalarning Yagona elektron reyestrini yuritadi va ularning raqamlashtirilgan nusxalarini o‘zida saqlaydi.
Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan master rejalar asosida shaharsozlik, qurilish va investitsiya faoliyatini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, bosh reja tasdiqlanganidan keyin uch oy ichida uni amalga oshirish bo‘yicha 3−5 yillik kompleks dastur ishlab chiqiladi. Bosh rejasi mavjud bo‘lmagan yoki 10 yildan ortiq yangilanmagan aholi punktlari uchun bosh rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalari respublika budjeti hisobidan ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi 2026-yil yakuniga qadar aholi punktlari master rejalarini ishlab chiqishga sarflangan mablag‘lar va ularning saqlanish holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazadi.
Avvalroq Spot qurilishi bitmagan uyda fuqarolar yashashiga ruxsat berganlar javobgarlikka tortilishi haqida yozgan edi.