Avvalroq Spot Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 30-iyul kuni Toshkentda umumiy foydalanishdagi joylarda noqonuniy qurilishlar inventarizatsiyasini o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgan edi.

Mirobod tumanidagi Lolazor mahallasiga tashrif davomida aholi ekkan daraxtlar kesib tashlangani, bolalar maydonchasi o‘rnida esa biznes markazi qurilishi rejalashtirilayotgani aniqlandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat haqida butun shahar, butun OAV bu haqida gapirmoqda.

Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimovning qayd etishicha, xususiy tadbirkor “investitsiya kiritaman, deb shunday holatga olib kelgan”. 2023-yilda bu yerga devor o‘rnatilib, mahalla binosi va bolalar maydonchasi buzib tashlangan. Maydonchaning markazida ilgari favvora bo‘lgan.

“Bular o‘rganib olibdi-da. Birinchi qarashadi, keyin tashlandiqqa aylantirishadi. Keyin yopishadi sekin, daraxtlarni kesib yo‘qotishadi, betonlashadi. Shu bilanб qarabsizki, zo‘r uchastka. Atrofdagilar ham: „Ha, mayli bo‘pti, bir balo bo‘lsin, bunaqa yotgandan ko‘ra“, deydi”, — deya qayd etdi Mirziyoyeva.

Prezident Administratsiyasi rahbari Toshkent shahar prokurori Anvar O‘rmonovga murojaat qilib, bu masalalarga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi, shu bilan birga, sodir bo‘lgan holatni jinoyat deb atab, shahar bo‘ylab bu kabi holatlarni xatlovdan o‘tkazishni topshirdi.

Bunga javoban bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov holat yuzasidan ma’lumot olingach, jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

“Xalqqa qaytarib bering buni! Bu xalqniki-ku! Hech kim, hech qanaqa tanish-bilish bo‘lmasin. Bularning orqasida baribir qanaqadir kuchlar bor-da. Oddiy odamlar bu ishni qilolmaydi. G‘uddaygan, o‘zidan ketgan, “blatnoy"lar bu ishni qiladi”, — dedi Mirziyoyeva.

O‘z navbatida, bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov va poytaxt prokurori Anvar O‘rmonov aybdorlarni javobgarlikka tortishga va’da berishdi.

Aziz Azimov, Salom Samadov, Baxtiyor Rahmonov, Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov (chapdan o‘ngga). Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

Prezident Administratsiyasining Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Aziz Azimovning aytishicha, barcha devorlar olib tashlanadi, yer tekislanib, bolalar maydonchasi qayta tiklanadi va odamlarga qaytariladi.

“Aytganimdek, na „blatnoy“ qoladi, na o‘zidan ketgan qoladi. Jazo muqarrar. Rahbarimiz (Shavkat Mirziyoyev — tahr.) gapirgan gap. Hamma teng,” — dedi Prezident Administratsiyasi rahbari.

Mirziyoyeva bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadovga murojaat qilib, unga ishonishini va barchasini kuzatib borishni topshirdi, Toshkent prokurori Anvar O‘rmonovni esa o‘zini ko‘rsatishga chaqirdi.

Avvalroq Spot eskrou tizimi joriy etilishi uy-joy narxlari oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgan edi.