Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi Maxtumquli ko‘chasida yashil to‘lqin tizimi ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Mutaxassislar transport oqimlari va ularning sutka davomida taqsimlanishini, shuningdek, svetoforlarning ishlash sikllari hamda chorrahalar orasidagi harakatlanish vaqtini o‘rgandi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ko‘chada sutkasiga o‘rtacha 90 mingtagacha avtomobil harakatlanadi. Shu sababli u poytaxtdagi muhim magistral yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Ushbu ma’lumotlar asosida svetoforlar yashil to‘lqin tamoyili bo‘yicha sinxronlashtirildi. Qayta sozlash Amir Temur xiyoboni bilan Ohangaron shossesi va Yangi O‘zbekiston ko‘chasi (TAPOiCH) kesishmasidagi uch darajali yo‘l o‘tkazgich oralig‘idagi 11 ta svetofor obyektini qamrab oldi.

Tizim transport oqimining asosiy yo‘nalishini inobatga olgan holda ikki xil rejimda ishlaydi:

  • 00:00 dan 13:00 gacha — Toshkent shahri markazi yo‘nalishida, Maxtumquli va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasidagi uch darajali yo‘l o‘tkazgichdan Amir Temur xiyoboni tomon;
  • 13:00 dan 00:00 gacha — Toshkent viloyati yo‘nalishida, Amir Temur xiyobonidan Maxtumquli va Yangi O‘zbekiston ko‘chalari kesishmasidagi uch darajali yo‘l o‘tkazgich tomon.

Muvofiqlashtirilgan yo‘nalish bo‘yicha hisoblangan harakat tezligi 55 km/soatni tashkil etadi. Tavsiya etilgan tezlikda harakatlanganda avtomobil keyingi chorrahalarda yashil chiroq uchun hisoblab chiqilgan vaqt oralig‘iga ketma-ket tushib boradi.

Optimallashtirish natijasida yo‘nalish bo‘ylab o‘rtacha harakatlanish vaqti 10% ga qisqardi. Shuningdek, ko‘chaning transport o‘tkazuvchanlik qobiliyati 12% ga oshgani qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, yashil to‘lqin svetoforlarni matematik hisob-kitoblar asosida muvofiqlashtirishni anglatadi, uzluksiz yashil chiroq yonib turishini emas. Haqiqiy harakatlanish vaqti transport oqimi zichligi, belgilangan tezlikka rioya qilish, qayta qatorga o‘tish, jamoat transportining harakati va yo‘ldagi vaqtinchalik o‘zgarishlarga bog‘liq.

YTH, yo‘l-ta'mirlash ishlari, vaqtinchalik yo‘l yopilishi yoki transport oqimining ayrim hududlarda keskin oshishi holatlarida ko‘rsatkichlar hisoblangan parametrlardan vaqtincha farq qilishi mumkin.

Markaz yashil to‘lqinning asosiy maqsadi svetoforlarda to‘xtashlar va chorrahalardagi kechikishlarni kamaytirish, shuningdek, transport harakatini yanada bir maromda tashkil etish ekanini ta’kidladi. Yangi tizim tufayli yo‘l qismini kengaytirmagan holda mavjud yo‘l infratuzilmasidan samaraliroq foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

“Yashil to‘lqin”

So‘nggi vaqtlarda Toshkentda bir nechta yashil to‘lqin tizimi ishga tushirildi. Iyul oxirida Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasining To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida yangi tartib joriy etildi. Maxtumquli ko‘chasidagi kabi, ertalab markaz tomon, kechqurun esa qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimiga ustuvorlik beriladi.

Ikkinchi yashil to‘lqin Kichik halqa yo‘lining 1,7 km uzunlikdagi qismida — Bog‘ibuston ko‘chasidan Chilonzor metro bekatigacha bo‘lgan hududda ishga tushirildi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi beshta nuqtadagi svetoforlarni sinxronlashtirdi. 40−60 km/soat tezlikka rioya qilinganda, ushbu yo‘l qismini to‘xtamasdan taxminan 2 daqiqa 45 soniyada bosib o‘tish mumkin. Bu svetoforlar qayta sozlanishidan oldingi ko‘rsatkichga qaraganda 45% tezroq.

Avgust o‘rtalarida yashil to‘lqin joriy etilgan navbatdagi hudud Amir Temur xiyoboni bo‘ldi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, shu nomdagi ko‘cha bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillar xiyobondan har ikki yo‘nalishda ham to‘xtamasdan o‘tishi mumkin. Keyinchalik yashil koridor Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab ham ishga tushirildi.

Bundan tashqari, markaz Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari kesishmasidagi (aeroport yaqinida) svetoforlarni qayta sozladi. Eng ko‘p yuklangan yo‘nalish uchun yashil chiroq yonish vaqti qariyb ikki baravarga oshirildi.


Avvalroq Spot Toshkentning Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirilgani haqida yozgandi.