Markaziy bank 2026-yil oxirigacha ichki valyuta bozoridagi operatsiyalarni riskka asoslangan holda o‘tkazish strategiyasini ishlab chiqadi. Bu haqda birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ichki valyuta bozori sharhida so‘z boradi.

Shuningdek, regulyator kelgusi bir yarim yil ichida valyuta bozorida market-meykerlik institutini rivojlantirish, valyuta kursini shakllantirishda banklarning rolini kuchaytirish, savdo infratuzilmasi, jumladan, hisob-kitob, kliring va bozor monitoringi tizimlarini takomillashtirishni ko‘zda tutmoqda.

Valyuta xatarlarini xedjirlash amaliyoti, shu jumladan hosila moliyaviy vositalar bo‘yicha huquqiy va institutsional asoslarni mustahkamlash ham kelgusi chora-tadbirlardan biridir.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-iyun oylarida yuridik shaxslarning valyuta taklifi, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining oshishi natijasida milliy valyutaning almashuv kursi nisbatan barqaror shakllandi.

Hisobot davrida kurs bir dollar uchun 11 935−12 320 so‘m oralig‘ida tebranib, iyun oyi oxirida bir dollar uchun 12 009 so‘mni tashkil etdi va yil boshiga nisbatan o‘zgarishsiz qoldi.

dollar, markaziy bank, valyutalar kursi, almashuv kursi

Almashuv kursining kunlik ikki tomonlama tebranuvchanligi 30,2 so‘mgacha yoki 0,25% gacha oshdi, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 22,7 so‘mni yoki 0,18% ni tashkil etgan edi.

Regulyator Xalqaro valyuta jamg‘armasining iyun oyidagi kelishuvlarining IV moddasi yuzasidan hisobotida O‘zbekiston almashuv kursi rejimi “crawl-like” (sudraluvchi) dan “floating” (suzuvchi) toifasiga qayta baholanganini alohida eslatib o‘tdi.

Markaziy bankka ko‘ra, hozirda shunga o‘xshash rejimdan 33 ta davlat, jumladan, Janubiy Koreya, Yangi Zelandiya, Malayziya, Turkiya, Tailand, Armaniston va Qozog‘iston foydalanmoqda.

XVJning baholashicha, almashuv kursining moslashuvchanligi inflyatsion targetlash tizimi samaradorligini oshirish va tashqi shoklar ta’sirini yumshatishning muhim sharti hisoblanadi. Markaziy bank valyuta kursi rejimi maqomining o‘zgarishi makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiyotning tashqi shoklarga bardoshliligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning muhim natijasi, deb hisoblaydi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 13% ga oshib, olti oyda $9,3 mlrdga yetgani haqida yozgan edi.