2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi $9 mlrddan ortiqqa oshdi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Unga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari orqali $9,3 mlrd kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga ($8,2 mlrd) nisbatan 13% ga, 2024-yilga ($6,5 mlrd) nisbatan esa qariyb 44% ga ko‘pdir.

Shu bilan birga, O‘zbekistondan chiqib ketgan mablag‘lar hajmi bir yil oldingi $1,23 mlrd va ikki yil oldingi $1,25 mlrdga nisbatan biroz oshib, $1,33 mlrdga yetdi. Natijada xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi.

markaziy bank, pul o‘tkazmalari, valyuta bozori

Shuningdek, Markaziy bank jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan operatsiyalarining ijobiy saldosi ichki bozorda qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilganini qayd etdi.

Dastlabki olti oyda aholi banklarga $12,26 mrdlik xorijiy valyuta sotdi — bu o‘tgan yilga nisbatan ($9,1 mlrd) qariyb 1,4 barobar ko‘pdir. Jismoniy shaxslar tomonidan valyuta sotib olish hajmi 26% ga oshib, $5,39 mlrddan $6,77 mlrdga yetdi.

Natijada, fuqarolar tomonidan xorijiy valyuta taklifi unga bo‘lgan talab hajmidan $5,49 mlrdga ortiq bo‘ldi.

Taqqoslash uchun: bir yil avval ijobiy saldo $3,71 mlrdni, 2024-yilning birinchi yarmida esa $2,6 mlrdni tashkil etgan edi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda valyuta taklifi talabdan tezroq o‘sgani, taqchillik qisqargani haqida yozgan edi.