O‘zbekistonda valyuta bozorida taklif o‘sishi talabdan yuqori bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

2026-yilning birinchi yarim yilligida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab qariyb $32 mlrdni tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 20% ga oshdi. Shu bilan birgam ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifi (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda) yanada tezroq — 31% ga o‘sib, $27,8 mlrdga yetdi.

Yilning birinchi yarmida ichki bozorda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘rtasidagi salbiy saldo qariyb $4,2 mlrdni tashkil etdi. Bir yil avval farq ancha yuqori edi — taxminan $5,5 mlrd. Natijada, valyutaga bo‘lgan talabning oshishiga qaramay, taqchillik taxminan $1,3 mlrdga yoki deyarli 24% ga kamaydi.

Markaziy bank monetar oltin bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga shakllangan qo‘shimcha likvidlik regulyatorning neytrallik tamoyili doirasidagi valyuta operatsiyalari hamda boshqa pul-kredit instrumentlari orqali sterilizatsiya qilib borilganini qayd etdi.

markaziy bank, valyuta bozori, dollar

Talabning asosiy hajmini hamon yuridik shaxslar shakllantirmoqda. Yanvar-iyun oylarida ularning xorijiy valyutaga bo‘lgan talabi 19% ga oshib, $21,2 mlrddan $25,2 mlrdga yetdi. Jismoniy shaxslar tomonidan talab yanada sezilarli — 26% ga yoki $5,4 mlrddan $6,8 mlrdga oshdi.

Shu bilan birga, valyuta taklifi ham sezilarli darajada oshdi. Yuridik shaxslar xorijiy valyutani sotishni 29% ga — $10,4 mlrddan $13,5 mlrdgacha oshirdi. Aholi taklifi 35% ga oshib, $9,1 mlrddan $12,3 mlrdga yetdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi orqali bozorga qariyb $2 mlrd valyuta kirib keldi, bu o‘tgan yilga nisbatan 18% ga ko‘pdir.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, jami taklif hajmi bir yil oldingi $21,1 mlrdga nisbatan $27,8 mlrdga yetgan.

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumi birinchi yarim yillikda 30% ga oshib, $10,1 mlrdni tashkil etdi. Shundan $5,6 mlrdi yoki eksport tushumining 55%i ichki valyuta bozorida sotilgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan eksport valyuta tushumlarini sotish hajmi 26,4% ga yoki $1,2 mlrdga oshdi.

markaziy bank, valyuta bozori, dollar

Markaziy bank importni moliyalashtirish tarkibini ham tahlil qildi. Asosiy manba hamon ichki bozordan valyuta sotib olish bo‘lib qolmoqda. Agar 2025-yilning yanvar-iyun oylarida import operatsiyalarining 63,1% unga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 67,2% ga oshdi.

Shu bilan birga, kompaniyalarning o‘z valyuta mablag‘lari hisobidan importni moliyalashtirish ulushi 23,7% dan 22,6% ga, valyuta kreditlari hisobidan moliyalashtirish ulushi esa 13,2% dan 10,2% ga kamaydi.

Shunday qilib, korxonalar valyutani to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki bozordan ko‘proq sotib ola boshladilar, tashqi kreditlarga qaramlik esa pasayishda davom etdi.

Avvalroq Spot Markaziy bank ilovalarga kirishda biometrik tekshiruv va P2P o‘tkazmalar qoidalarini yumshatishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.