O‘zbekistondagi banklarda Zolotaya Korona orqali pul o‘tkazmalarida uzilishlar kuzatilmaydi. Bu haqda 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bankning valyutani tartibga solish va nazorat qilish departamenti rahbari Otabek Tojiddinov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmi $9,3 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ga oshgan. Uning qayd etishicha, shundan $2,4 mlrdi Zolotaya Korona orqali amalga oshirilgan. Tizim nafaqat Rossiyadan, balki Janubiy Koreya, Turkiya, Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan ham mehnat migrantlari yuborayotgan mablag‘larni qabul qiladi.

Tojiddinovning ta’kidlashicha, sanksiyalar Zolotaya Korona’ning o‘ziga emas, balki pul o‘tkazmalarini texnik jihatdan amalga oshiruvchi korrespondent bank — uning operatoriga nisbatan joriy etilgan. Shu sababli O‘zbekiston banklarining mazkur tizim bilan ishlashda davom etishi tabiiy holatdir.

“Bu vaziyat Markaziy bank tomonidan doimiy nazoratga olingan, banklar bilan ishlar davom etyapti. Zolotaya Korona’ning O‘zbekiston banklaridagi garov depoziti doirasida fuqarolarimizga shtat rejimida pul o‘tkazmalari berib borilmoqda. Mablag‘ni istalgan valyutada olish imkoniyati bor”, — dedi u.

Shu bilan birga, O‘zbekiston banklari ikkilamchi sanksiyalar xavfiga duch kelmasligi uchun Zolotaya Korona rahbariyati bilan texnik operatorni sanksiyalar ostida bo‘lmagan boshqa bankka o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Tojiddinovning aytishicha, Zolotaya Korona rahbariyati ayni paytda Toshkentda bo‘lib turibdi va muzokaralar yakunlangach, tizim kelasi haftadan yangi operator orqali odatiy rejimda ishlashni davom ettirishi kutilmoqda.

23-iyul kuni Yevropa Ittifoqi Kengashi Rossiyaga nisbatan 21-sank­siyalar to‘plamini tasdiqladi. Moliya sektorida cheklovlar mamlakatning 94 ta banki va moliya tashkilotiga nisbatan qo‘llanildi. Ro‘yxatda Zolotaya Korona to‘lov tizimining operatori va hisob-kitob markazi hisoblangan RNKO Platejniy Sentr ham bor.

Shundan so‘ng tizim ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha pul o‘tkazmalarini chekladi, biroq O‘zbekiston o‘tkazmalari davom etayotgan davlatlar qatorida qoldi. Biroq, 28-iyul kuni tarmoqlarda O‘zbekistondagi ayrim banklarda Zolotaya Korona tizimi orqali pul yuborish va qabul qilish xizmati to‘xtatilgani haqida xabarlar e’lon qilindi.

Avvalroq Spot Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligi haqida yozgan edi.