Shavkat Mirziyoyev 1-sentabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi. Prezident matbuot xizmati uning nutqi matnini e’lon qildi.

O‘zbekiston Prezidenti SHHTni “ochiq, bloklarga qo‘shilmagan va tinchlikparvar hamkorlik platformasi” sifatida rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va Markaziy Osiyoni tashkilotning “geografik va strategik yadrosi” deb atadi. Shuningdek, SHHT oldidagi dolzarb vazifalarni sanab o‘tdi.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, SHHTga a’zo davlatlarning raqobatbardoshligi ularning salohiyatini birlashtirish va birgalikda rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga tayyorligiga bog‘liq. Shu munosabat bilan u “SHHT — 2040: umumiy rivojlanish makoni” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi.

Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlarning erkin almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, o‘zaro bog‘langan va barqaror makon yaratish, yirik infratuzilmaviy hamda sanoat loyihalarini amalga oshirish, hududlar, biznes va odamlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo‘lishi kerak.

Prezident O‘zbekiston va SHHTning boshqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo va investitsiyalar o‘sib borayotganini, shuningdek, mamlakatda ular ishtirokida 1500 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilayotganini qayd etdi. Mirziyoyev shu asosda ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

Shu maqsadda SHHTning Sanoat kooperatsiyasi xaritasini yaratish taklif qilindi. U maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, savdo bozorlari va logistika tizimlarini birlashtiradi. Xarita biznes, investorlar va davlat tashkilotlari uchun “yagona raqamli oyna” yaratishga xizmat qiladi.

Mirziyoyev, shuningdek, SHHT Taraqqiyot bankini imkon qadar tezroq amaliy ishga tushirishga chaqirdi. Uning faoliyati mintaqaviy ahamiyatga ega, amalga oshirishga tayyor investitsiya loyihalariga asoslanishi kerak.

SHHT hukumat rahbarlari kengashi transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi ustuvor tashabbuslar portfelini shakllantirishni boshlashi lozim.

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy raisi Si Szinpinning sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Butunjahon tashkilotini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

SHHT davlatlarining bu boradagi sa’y-harakatlarini birlashtirish uchun Ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini yaratishni taklif qildi.

Yana bir ustuvor yo‘nalish — oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirish.

Mirziyoyev kompleks dasturlarni muvofiqlashtirish uchun maxsus mexanizm yaratishni va 2035-yilgacha suv hamda energiya samaradorligi sohasida texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif etdi.

O‘zbekiston rahbari xalqaro transport yo‘laklarining keng tarmog‘ini yaratish muhimligini ta’kidlab, SHHT davlatlarining temiryo‘l makonlarini integratsiya qilish bo‘yicha Kengash tuzishni taklif qildi.

Uning asosiy vazifalari logistika infratuzilmasini rivojlantirishni muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarini o‘zaro bog‘lashdan iborat bo‘ladi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston temir yo‘llari tariflarni shakllantirishning yangi metodikasini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.