Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.

Farmonga ko‘ra, 2027−2030-yillarda kichik va o‘rta biznesda startaplarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalarni joriy etishga qaratilgan “Kelajak tadbirkori” dasturi amalga oshiriladi. Milliy venchur fondi UzVC ustuvor va yuqori salohiyatga ega sanoat tarmoqlaridagi startaplarni moliyalashtiradi.

Dastur doirasida 8 ta yo‘nalishdagi loyihalarga mablag‘ ajratiladi: elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qurilish materiallari, suv va energiya tejamkorligi, qishloq xo‘jaligi hamda aerokosmik soha.

Shuningdek, farmonda har bir yo‘nalish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlanadigan aniq sohalar ham belgilangan:

  1. Elektrotexnika — elektronika va uning komponentlari, sanoat datchiklari, “aqlli” hisoblagich va qurilmalar, “aqlli uy” va “aqlli shahar” yechimlari.
  2. Mashinasozlik — robototexnika, mashinasozlik yechimlari, sanoat avtomatizatsiyasi, avtonom transport, qishloq xo‘jaligi texnikasi, uchish apparatlari va ularning qismlari.
  3. Farmatsevtika — biotexnologiyalar, farmatsevtik substansiyalar, tayyor dori vositalari, tibbiy texnika va mahsulotlar.
  4. Kimyo sanoati — yangi turdagi o‘g‘itlar, biopolimerlar, nanomateriallar, funksional qoplamalar, akkumulyator va elektronika ishlab chiqarish uchun yechimlar.
  5. Qurilish materiallari — kompozit va energiya tejamkor materiallar, qurilish robototexnikasi.
  6. Suv va energiya tejamkorligi — sun’iy intellekt yordamida sug‘orish, sizib chiqishlarni aniqlash, suvni tozalash va qayta ishlatish, “aqlli” tarmoqlar, akkumulyatorlar, quyosh panellarini monitoring qilish, energiya tejamkor texnika.
  7. Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar — avtonom tizimlar, tahliliy texnologiyalar, resurslarni tejaydigan ishlab chiqarish yechimlari.
  8. Aerokosmik soha — dronlar, uchish apparatlari, sun’iy yo‘ldoshlar va ularning komponentlari, geoinformatsion tizimlar, masofadan zondlash.

Har yili ustuvor yo‘nalishlardagi 30 tagacha startap loyihasi moliyalashtiriladi va ularga “regulyator qumdoni"dan foydalanish imkoniyati beriladi. Loyihalar ochiq tanlov asosida saralab olinadi.

Har bir loyihaga 3 yil muddatga 5 mlrd so‘mgacha foizsiz va garovsiz mablag‘ ajratiladi. Keyinchalik ushbu mablag‘ korxonadagi ulushga aylantirilishi yoki SAFE shaklida investitsiya qilinishi mumkin.

Davlat ulushi 49% dan oshmaydi, ta’sischilar esa uni bozor qiymatida sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Davlat ulushini sotishdan tushgan mablag‘lar yangi startaplarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Farmonda startaplarga xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari ham belgilangan. Yagona elektron platformada ro‘yxatdan o‘tgan startaplarning ustav kapitaliga mablag‘ kiritgan jismoniy shaxslarga “startap-investor” (biznes farishtasi) maqomi beriladi.

Startap-investorning loyihadagi ulushini kamida 3 yil saqlagan holda sotishdan olgan daromadi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.


Avvalroq Spot biznesga dual ta‘limni tashkil etish uchun 5 mlrd so‘mgacha kredit berilishi haqida yozgandi.

Har 1 mlrd so‘m kredit uchun tashkilot besh nafar texnikum o‘quvchisini amaliyotga, bir nafar bitiruvchini esa ishga qabul qilishi kerak.