Bishkek shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyevning Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. O‘tgan yili O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi $18 mlrdga yaqinlashdi.
Tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni $30 mlrdga yetkazish bo‘yicha yangi marrani belgilashni taklif qildi.
Buning uchun sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hamda O‘zbekiston korxonalarining Xitoyda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazmalarida ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari davom ettiriladi.
Ayni paytda O‘zbekistonda Xitoy bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb $60 mlrdni tashkil etmoqda. Mamlakatda Xitoy kapitali ishtirokidagi 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, qurilish materiallari va oziq-ovqat ishlab chiqarish, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi hamda yuqori texnologiyalar sohalarida sanoat kooperatsiyasining istiqbolli yo‘nalishlari belgilandi. Raqamli iqtisodiyot, tog‘-kon sanoati, mineral resurslarni o‘zlashtirish va qayta ishlash sohalaridagi “o‘sish nuqtalari” kengaytiriladi.
Texnologik hamkorlik doirasida BYD bilan elektromobillar ishlab chiqarish loyihasi alohida qayd etildi. Ishlab chiqarish quvvatlarini hamda mahsulotlarni mahalliylashtirish darajasini oshirish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Xitoy kompaniyalariga O‘zbekiston hududlaridagi qo‘shma sanoat zonalarida ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilishda faol ishtirok etish taklif qilindi.
Energetika sohasida ham hamkorlikni kengaytirish, jumladan, an’anaviy va muqobil energetika loyihalarini amalga oshirish hamda Xitoy kompaniyalarini tinch atom loyihalariga jalb qilish bo‘yicha O‘zbekistonning manfaatdorligi bildirildi.
Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalasi ham muhokama qilindi.
Transport yo‘nalishida Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi samarali davom ettirilayotgani qayd etildi. Ushbu loyiha Yevroosiyo transport ekotizimining muhim bo‘g‘iniga aylanishi hamda Bir makon, bir yo‘l tashabbusi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirishiga ishonch bildirildi.
Tomonlar turizm va gumanitar aloqalarni ham kengaytirishga kelishdi. Xususan, vizasiz tartib amal qilmoqda, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar geografiyasi va parvozlar sonini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yil yakunigacha Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar dasturini qabul qilish taklif etildi. Madaniyat, ta’lim, ilm-fan va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish, Xitoyda o‘zbekistonlik talabalar uchun kvotalarni oshirish bo‘yicha rejalar bildirildi.
Avvalroq Toshkent va Andijon o‘rtasida Xitoydan olib kelingan tezyurar poyezd harakati sinov tarzida yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.


