Janubiy Koreya “Barchaga sun’iy intellekt” davlat dasturi doirasida barcha fuqarolarga generativ sun’iy intellekt xizmatlaridan bepul foydalanish imkonini beradi.
The Wall Street Journal yozishicha, foydalanuvchilarga cheklanmagan miqdorda token, ya’ni neyrotarmoqlardan amalda cheksiz foydalanish imkoniyati beriladi.
Hukumat shu orqali mahalliy SI modellaridan foydalanishni kengaytirish va mamlakatning AQSH hamda Xitoy texnologiyalariga qaramligini kamaytirishni maqsad qilgan.
Dasturning asosiy jihati — SIni davlat tizimlariga integratsiya qilish. Foydalanuvchilar SI xizmatlari orqali shifokor qabuliga yozilishi, uy-joy izlashda yordam olishi va soliqlar bo‘yicha maslahat olishlari mumkin bo‘ladi.
Kichik biznes uchun soliqlarni hisoblash va davlat ko‘magidan foydalanish huquqini tekshirish vositalari, ota-onalar uchun esa bolalar ta’limi bo‘yicha tavsiyalar taqdim etiladi.
Xizmatlarni mamlakatning uchta texnologik konsorsiumi taqdim etadi. Ular tarkibiga Janubiy Koreyaning ikkita yirik telekommunikatsiya kompaniyasi va mashhur superilova operatori, Kanana modeli egasi Kakao kiradi. Har bir konsorsium alohida ilova yaratib, AI’ni mavjud platformalariga ham integratsiya qiladi.
Davlat hisoblash quvvatlarini ham ta’minlaydi: konsorsiumlarga 512 tagacha Nvidia B200 tezlatkichlari taqsimlanadi va operatsion xarajatlarni qoplashga yordam beriladi. Beta-testlar sentabrda boshlanadi, to‘liq ishga tushirish esa 2026-yil oxiriga rejalashtirilgan.
Prezident Li Jae Myung ma’muriyati 2026-yilda SIni rivojlantirish uchun qariyb 10 trln von (taxminan $7,2 mlrd) ajratgan. Bu o‘tgan yilgi xarajarlardan uch baravar ko‘p.
Janubiy Koreyada bunday dastur uchun sharoit allaqachon shakllangan. Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb chorak qismi generativ SI uchun allaqachon pul to‘laydi.
AQShda esa bu ko‘rsatkich atigi 2% ni tashkil etadi. Bundan tashqari, 20 mlndan ortiq kishi neyrotarmoqlarning bepul versiyalaridan foydalanadi.
Shu sababli hukumatning mahalliy SI xizmatlariga e’tibor qaratishi nafaqat yetakchi davlatlarga yetib olish, balki texnologik mustaqillikni mustahkamlashga qaratilgan. Ya’ni fuqarolarning kundalik SI xizmatlari xorijiy emas, milliy modellar va infratuzilmada ishlashi ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq Spot Malta aholisi bir yil davomida ChatGPT Plus’ni bepul oladigan ilk davlat bo‘lgani haqida yozgandi.