Korzinka supermarketlar tarmog‘ini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasiga yangi bosh direktor tayinlandi. Bu haqda riteyl kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Direktorlar kengashi o‘tkazgan xalqaro tanlov natijalariga ko‘ra, kompaniyaga Polshaning Eurocash guruhi sobiq top-menejeri Pedro Martinyo rahbar etib tayinlandi. U Toshkentga ko‘chib kelgan va 2-sentabrdan rasman lavozimiga kirishgan.

“Uning tayinlanishi Korzinka rivojida yangi bosqichni boshlab beradi. Bu oziq-ovqat chakana savdosidagi xalqaro tajribani mahalliy bozorni chuqur bilish bilan birlashtiradi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Pedro Martinyoning Polsha, Portugaliya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Ozarbayjondagi yirik oziq-ovqat chakana savdo tarmoqlarida 30 yildan ortiq tajribasi bor.

U savdoni boshqarish, merchandayzing, mijozlar bilan ishlash, ta’minot zanjirlarini tashkil etish va raqamli yechimlarni joriy etish sohalarida tajriba orttirgan.

2003-yilda Martinyo Eurocash Group boshqaruv kengashiga qo‘shilgan. Uning guruhdagi so‘nggi lavozimi Polshaning yetakchi oziq-ovqat onlayn-riteylerlaridan biri Frisco.pl bosh direktori bo‘lgan.

“Pedro so‘nggi o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida jadal iqtisodiy rivojlanish davrini boshdan kechirayotgan mamlakatlarda chakana savdo kompaniyalarini rivojlantirish va kengaytirishga yordam berib keldi. Shu bois u „Korzinka“ rivojlanishining navbatdagi bosqichiga rahbarlik qilish uchun ayni mos boshqaruvchi”, — dedi kompaniya kuzatuv kengashi rahbari Zafar Hoshimov.

Riteylerning avvalgi bosh direktori Rud Pedersen 2025-yil sentabrida oilaviy sabablarga ko‘ra lavozimini tark etgan. Shundan buyon bosh direktor vazifasini uning birinchi o‘rinbosari Akmal Asadov vaqtincha bajarib kelgan.


Avvalroq Spot Zafar Hoshimov tijorat ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etishni taklif qilgani haqida yozgandi.