Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov O‘zbekistonda tijorat ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etishni taklif qildi. U bu masalani prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ko‘tardi. Bu haqda O‘zbekiston 24 telekanali lavhasida so‘z boradi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, yangi biznes boshlayotgan yoki faoliyatini kengaytirayotgan tadbirkor uchun ijara munosabatlarining barqarorligi muhim. Chunki tadbirkor ijaraga olgan joyini ta’mirlaydi, unga investitsiya kiritadi, reklama qiladi va mijozlar bazasini shakllantiradi.

“Agar ijara munosabatlari barqaror bo‘lmasa, bu tadbirkor uchun katta tahlika. Hozirgi kunda bu borada katta muammolar bor va ularni, o‘ylaymanki, huquqiy doirada yechish vaqti keldi”, — dedi u.

Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, muammolardan biri shundaki, ijaraga beruvchining bosimi ostida shartnomalar qisqa muddatga tuziladi, biznes-reja va biznes istiqbol esa uzoq muddatga mo‘ljallangan. Agar biznes muvaffaqiyatli rivojlana boshlasa, ijaraga beruvchi ijara narxini asossiz ravishda oshirib yuborish holatlari kuzatiladi.

Korzinka asoschisi yana bir muammo sifatida ijara to‘lovining “oq” va “qora” qismlari mavjudligini, pulning bir qismi “konvert"da berilishini aytdi. Hoshimov biznesni bunday yondashuvdan voz kechishga chaqirdi. Uning fikricha, ijara to‘lovlarini rasmiy xarajat sifatida taqdim etish tadbirkorning soliq bazasini kamaytirishga yordam beradi.

“O‘ylaymanki, biz buni ko‘proq targ‘ib qilishimiz kerak. Uni to‘liq to‘lash, aslida, tadbirkorga ham, olayotgan va berayotgan odamga ham foydalidir. Chunki soliqni to‘lash to‘layotgan tadbirkorning soliq bazasini qisqartiradi. Ko‘pchilik shuni hali ham bilmasdan eskicha amaliyot olib boryapti”, — dedi Zafar Hoshimov.

huquqiy rejim, ko‘chmas mulk, ochiq muloqot, shavkat mirziyoyev, tijorat ijarasi, zafar hoshimov

Shuningdek, tadbirkor ijara joyiga kiritgan investitsiyalarini himoya qilish mexanizmini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Xususan, ijara shartnomasi asossiz bekor qilingan holatlarda tadbirkorning investitsiyalari qanday himoya qilinishini huquqiy jihatdan belgilash taklif qilindi.

Hoshimov tijorat ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etish, ijara muddatlarini uzaytirish imkoniyatlarini kengaytirish va tadbirkorlar uchun kafolatlarni kuchaytirishni taklif qildi.

“Bizlar shunday bir huquqiy rejim kiritishimiz kerakki, bu tijorat ijarasi, uning doirasida tijoratga kirayotgan odamlar uzoq muddatga kirib, ijara muddatlarini cho‘zish va tadbirkorlar kafolatini oshirish mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, gap mulkdorlar va tadbirkorlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yish haqida emas, ular o‘rtasidagi munosabatlarda muvozanatni ta’minlash haqida bormoqda.

huquqiy rejim, ko‘chmas mulk, ochiq muloqot, shavkat mirziyoyev, tijorat ijarasi, zafar hoshimov

Shavkat Mirziyoyev taklifni qo‘llab-quvvatlab, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, adliya vaziri Akbar Toshqulov va Jamoatchilik kengashiga ko‘chmas mulk ijarasi masalasini takomillashtirish masalasini birgalikda ishlab chiqishni topshirdi.

U ikki oy ichida tashabbusni biznes vakillari bilan muhokama qilib, tegishli taklif kiritishni taklif qildi.

“Uni ham joy-joyiga qo‘yish vaqti keldi. Hammangiz bitta fikr aytib, bizning vakillar bilan uni birgalikda muhokama qilib, ikki oy ichida joy-joyiga qo‘yadigan taklif beradigan bo‘lsangiz, men uni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman” — dedi davlat rahbari.

Avvalroq Spot ko‘p qavatli uylardagi liftlar uchun yangi talablar joriy etilgani haqida yozgan edi.