Ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga liftlar xavfsizligi hamda uy-joylardan foydalanish tartibiga oid yangi talablar kiritildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan kiritiligan tegishli o‘zgartirishlar 14-avgust kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Hujjatga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari liftlarning butun foydalanish muddati davomida avariyasiz va xavfsiz ishlashini ta’minlashi kerak. Bunda texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash sababli vaqtincha to‘xtatilgan davrlar istisno qilinadi.
Boshqarish organlariga liftlar faoliyati ustidan dispetcherlik nazoratini o‘rnatish majburiyati ham yuklatilmoqda. Liftlarda avariya-qutqaruv qurilmalari, kuzatuv kameralari, aloqa vositalari va avariya haqida xabar beruvchi tizimlar soz holatda saqlanishi kerak. Shuningdek, lift kabinasi va mashina xonasida ikki tomonlama aloqa vositalari bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, liftlarning har oy texnik xizmat ko‘rsatilishi va yiliga bir marta davriy texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi kerak. Avariya yoki boshqa xavfli holatlar aniqlansa, bu haqda liftlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga darhol xabar berilishi lozim. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning liftlardan xavfsiz foydalanishi ham ta’minlanishi kerak.
Lift kabinasida foydalanish qoidalari, liftning nomi, yuk ko‘tarish qobiliyati va ruxsat etilgan yo‘lovchilar soni ko‘rsatilgan lavha bo‘lishi shart. Unda “Xavfsiz lift” elektron platformasidagi qayd raqami, davriy texnik ko‘rikdan o‘tilgani haqidagi ma’lumotlar hamda texnik xizmat yoki avariya xizmati bilan bog‘lanish uchun telefon raqami ko‘rsatiladi.
Shuningdek, lift shaxtasi, mashina xonasi va ularga kirish joylari bo‘sh va yorug‘ holatda saqlanishi kerak.
Yana bir o‘zgarishga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylarning kirish yo‘laklariga sovutish va isitish qurilmalarini (split) o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan tashqari, uy egalariga ular ijaraga bergan xonadonlardan foydalanuvchilar tomonidan ko‘p kvartirali uylarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash majburiyati yuklanmoqda. Hujjat rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 16-noyabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq Spot Toshkentda ko‘chmas mulk ommaviy baholangani haqida yozgan edi.