Toshkentda 600 mingdan ortiq kvartira va 213 mingta hovli-joy ommaviy baholandi. Bu haqda 14-avgust kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, amaldagi kadastr qiymati va ommaviy baholash doirasida aniqlangan qiymat o‘rtasidagi farq kvartiralar uchun deyarli 7,4 baravarni, xususiy uylar uchun esa deyarli 15 baravarni tashkil etdi.
Xususan, Toshkentdagi 600 mingdan ortiq xonadonning amaldagi kadastr qiymati 57,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ommaviy baholash natijasida qiymat 426,7 trln so‘m etib belgilangan. 213 mingdan ortiq hovlilar uchun joriy kadastr qiymati 39,1 trln so‘mni tashkil etadi, ommaviy baholashdan so‘ng ularning qiymati 587 trln so‘mga yetdi.
Ushbu tafovutning asosiy sabablaridan biri sifatida amaldagi kadastr qiymati yer uchastkasining qiymatini to‘liq aks ettirmasligi aytilmoqda. Ommaviy baholashda xususiy uy yagona ko‘chmas mulk obyekti sifatida qaraladi: yer uchastkasi va unda joylashgan bino va inshootlar birgalikda baholanadi. Bunda obyektning joylashuvi, uchastka va binolarning maydoni, qurilgan yili, qavatlari, qurilish materiallari, shuningdek, transport va ijtimoiy infratuzilmasi hisobga olinadi.
Baholash jarayonida bozor takliflari, rieltorlar ma’lumotlari va notarial rasmiylashtirilgan bitimlar ham tahlil qilinadi. Obyektlar narx zonalari bo‘yicha guruhlanadi, shundan so‘ng hududlarning xususiyatlari va ko‘chmas mulkning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda baholash modellari shakllantiriladi.
Tumanlar bo‘yicha narxlar farqi
Dastlabki natijalar Toshkentning turli tumanlarida ko‘chmas mulk qiymatida sezilarli tafovutlar mavjudligini ko‘rsatdi.
Kvartiraning 1 kv.metri uchun qiymat 4,6 mln so‘mdan 35,8 mln so‘mgacha bo‘lgan. Bir sotix yer uchastkasining qiymati esa 115 mln so‘mdan 890 mln so‘mgacha bo‘lgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ommaviy baholash natijalari hozircha dastlabki ekanini ta’kidladi. Ular ko‘chmas mulkning kelajakda aynan shu narxda sotilishini anglatmaydi. Tizimning asosiy maqsadi — yagona mezonlar asosida bozor sharoitlariga yaqin qiymatni aniqlash va ko‘chmas mulk obyektlarini o‘zaro taqqoslash imkonini yaratish.
Dastlabki natijalar 60 kun ichida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Mulkdorlarga ularning ko‘chmas mulkini baholash natijalari to‘g‘risida SMS-xabarnomalar yuboriladi. Ular natijalar va hisob-kitoblarda foydalanilgan ma’lumotlar bilan tanishishlari, tushuntirishlar olishlari, xatolar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar haqida xabar berishlari va natijani qayta ko‘rib chiqishni so‘rashlari mumkin bo‘ladi.
Ommaviy baholash natijalaridan norozi bo‘lgan mulkdorlar ham mustaqil baholash uchun baholovchi tashkilotni jalb qilishlari mumkin bo‘ladi.
Tizim bosqichma-bosqich joriy etiladi
O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash prezidentning 2025-yil 5-martdagi farmoniga muvofiq bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. 2025−2026-yillarda tizim Toshkentda sinov tariqasida joriy etiladi.
2026−2027-yillarda Nukus shahri va viloyat markazlarida, 2027-yildan boshlab esa qolgan hududlarda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bunday yondashuv metodologiyani amaliyotda sinab ko‘rish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda tizimni takomillashtirish imkonini beradi.
Ommaviy baholash natijalaridan ko‘chmas mulk qiymati xaritalarini shakllantirish, hududlarning rivojlanish darajasini taqqoslash, davlat kapital qo‘yilmalarining samaradorligini baholash, infratuzilmani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va ipoteka bozori uchun axborot bazasini yaratishda foydalanish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot noqonuniy qurilish uchun har bir kvadrat metrga 2,2 mln so‘mgacha jarima joriy etish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.