Nordwind Airlines aviakompaniyasi Qozondan Namangan va Samarqandga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Qozon-Samarqand yo‘nalishidagi ilk parvoz 26-avgustga, qaytish reysi esa 27-avgustga rejalashtirilgan. Tatariston poytaxti va Namangan o‘rtasidagi reyslar 5-sentabrdan amalga oshiriladi.
Kompaniya har ikki yo‘nalishda haftasiga bir martadan parvoz qiladi: Qozon-Samarqand yo‘nalishida chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi, Namanganga esa shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi.
Parvozlar jadvali:
Samarqand yo‘nalishida:
Qozondan — 23:50, Samarqandga — 04:55;
Samarqanddan — 05:55, Qozonga — 07:20.
Namangan yo‘nalishida:
Qozondan — 22:10, Namanganga — 03:25;
Namangandan — 04:55, Qozonga — 06:40.
18-iyuldan Rossiyaning Nordwind aviakompaniyasi Qozondan Toshkentga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘ydi. Reyslar haftasiga ikki marta — dushanbadan seshanbaga va jumadan shanbaga o‘tar kechasi amalga oshiriladi.
Kompaniya O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘yishini ilk bor 2018-yil bahorida ma’lum qilgan. O‘shanda reyslar haftasiga bir marta — juma kuni kechqurun Qozondan Toshkentga, shanbaga o‘tar kechasi esa Toshkentdan Qozonga amalga oshirilgan.
2023-yil yanvarida Nordwind O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun yangi ruxsatnoma olish maqsadida Rossiya Federal havo transporti agentligiga murojaat qilgan.
Aviakompaniya Permdan Farg‘ona va Samarqandga haftasiga uch marta reyslarni yo‘lga qo‘yish rejasini bildirgan. O‘sha yil kuzida kompaniyaga Samarqandga parvozlarni amalga oshirish uchun doimiy ruxsatnoma berilgani ma’lum bo‘lgan.
Avvalroq Spot Etihad Airways 10-avgustdan Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.