Nordwind Airlines aviakompaniyasi Qozon — Toshkent — Qozon yo‘nalishi bo‘yicha muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Parvozlar 18-iyuldan boshlab haftasiga ikki marta: seshanba va shanba kunlari Toshkentdan Qozonga uchiladi. Shuningdek, dushanba va juma kunlari Qozondan Toshkentga amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Safar vaqti taxminan 3 soat 30 daqiqani tashkil etadi.
Qayd etilishicha, yangi reysning ochilishi O‘zbekiston va Tatariston Respublikasi o‘rtasidagi transport va turizm aloqalarini mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, yo‘lovchilarga sayohat qilish, xizmat safarlari va qarindoshlarini ziyorat qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Yangi yo‘nalish Toshkent aeroportidan mavjud bo‘lgan xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini to‘ldiradi. Yangi aviatashuvchidan tashqari Toshkentdan Qozonga Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia va UVT Aero aviakompaniyalari parvozlarni amalga oshirmoqda.
Nordwind Airlines Perm-Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab xizmat ko‘rsatgan va 2022-yilning mart oyida sanksiyalar tufayli barcha xorijiy reyslarni, jumladan, O‘zbekistonga ham parvozlarni to‘xtatdi.
2023-yil yanvarida aviakompaniya Rosaviatsiya agentligidan Permdan Samarqandga uchish uchun yana ruxsat so‘radi. Bundan tashqari, Perm-Farg‘ona yo‘nalishida haftasiga uchta reysni amalga oshirishni rejalashtirgandi.
Avvalroq Spot Toshkentdan Bag‘dodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.